Ucell Samarqand hududida 2022-yilda 325 ta obyektni ishga tushirdi (video)
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini o‘tkazishga hozirlik ko‘rish davomida Samarqandda ulkan tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.
Samarqandni rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish, yangi infratuzilma obyektlarini qurishda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi salmoqli hissa qo‘shdi.
Ishonchli aloqa va tezkor internet bilan ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatli vazifani mobil operatorlar, shu jumladan, «COSCOM» OAJ (Ucell savdo belgisi) bajardi. Ucell Samarqandga uyushtirgan press-turda jurnalistlar qilingan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.
Ucell tomonidan Samarqand hududida 2022-yilda 325 ta obyekt ishga tushirildi.
Xususan:
- 47 ta 2G (ovozli aloqa) formatidagi obyekt;
- 57 ta 3G formatidagi obyekt;
- 201 ta tezkor internetni ta’minlovchi LTE 4G formatidagi obyekt.
- 20 ta 5G beshinchi avlod aloqa standarti obyekti.
Asosiy ish uchta manzil: «Samarqand» xalqaro aeroporti, Silk Road Samarkand turistik markazi va Samarqand shahrining markaziy tumanlarida amalga oshirildi.
«Samarqand» xalqaro aeroporti
Aeroport hududini ham ichkaridan, ham tashqaridan to‘liq qoplashni ta’minlash uchun bitta tashqi tayanch stansiya qurish va ichkarida butun bir majmuani barpo etishga qaror qilindi.
Tashqi tayanch stansiya yaqin atrofdagi hududni (avtoturargohlar, kirishdagi yo‘llar, aeroportning tashqi hududi, shuningdek, aeroport ortidagi zahira hudud) 2G/3G/4G aloqa bilan ta’minlaydi.
Ichki majmua barcha terminal qavatlari, xususan, yerto‘la hududini 3G/4G/5G aloqa bilan ta’minlashi ko‘zda tutildi.
Mazkur terminal rekonstruksiyasi bilan shug‘ullangan «Air Marakanda» kompaniyasi bosh direktor o‘rinbosari Baxtiyor Xudoyberdiyev bu haqda qisqacha ma’lumot berdi:
– Bizning kompaniyamiz yerusti terminalida xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya zimmasiga ko‘plab biznes jarayonlarni o‘zgartirish vazifasi yuklatildi va ko‘rsatadigan xizmatlarimizdan tashqari qator jarayonlarni amalga oshirish uchun katta texnik tayyorgarlik talab etildi. Ulardan biri terminaldagi yo‘lovchilar, mehmonlar va, albatta, aeroport hamda terminal hududida faoliyat yuritadigan ko‘plab kompaniyalar xodimlarini aloqa bilan ta’minlash edi. Bu borada biz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligidan loyihaga bo‘lgan e’tibor uchun minnatdormiz. Albatta, bizning eng ishonchli hamkorlarimizdan bo‘lgan Ucell kompaniyasi ham bizga katta texnik yordam ko‘rsatdi. Kompaniya xodimlarining sa’y-harakatlari bilan, fikrimcha, butun O‘zbekiston uchun salmoqli bo‘lgan, turizm va xalqaro aeroport terminali kabi katta va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan obyektni aloqa bilan ta’minlash ishlari tez muddatlarda amalga oshirildi.
«Silk Road Samarkand» turistik markazi
Obyektlarni qurish bosqichidayoq aloqani ta’minlash uchun suv uzatish minorasida tayanch stansiya o‘rnatildi.
Keyinroq, perimetr bo‘ylab to‘rtta tayanch stansiya qurildi. Bundan tashqari, mehmonxonalarning maxsus oynalarini hisobga olgan holda, har 9ta obyektni 2G/3G/4G aloqa bilan ichkaridan qoplashga qaror qilindi. Shuningdek, mehmonxonalarda 5G aloqasi bilan ta’minlangan VIP hududlar ham mavjud. Yakunda jami 5ta tashqi va 9ta bino ichkarisidagi obyekt qurildi.
Ucell-Samarqand hududiy bo‘limi direktori Emil Kurtnazarov shunday deydi:
– Ayni damda biz bir necha kun avval Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tgan «Silk road Samarkand» turistik markazining kongress-xollidamiz. Ushbu tadbir uchun Ucell kompaniyasi tomonidan bino va mehmonxonalarning ham tashqi, ham ichki hududini qamrab olish uchun tayanch stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha maxsus loyiha ishlab chiqildi. Bu yerda 8 ta mehmonxona va bitta kongress-xoll joylashgan. Har bir mehmonxona, jumladan kongress-xoll hududida kompaniyamiz qurilmalari joylashtirilgan. Shuningdek, 5G standarti avlodi qurilmalari ishga tushirilgan. Bundan tashqari, hududni tashqaridan qamrab olish va sifatli qamrovni ta’minlash uchun 4 ta antenna-machtali inshoot o‘rnatildi va ularga barcha uyali aloqa operatorlari ulandi.
Samarqand shahri
ShHT sammiti arafasida 2G/3G/4G/5G aloqasi bilan Silk Road Samarkand turistik markazi hududi va shaharni qamrab olish rejalashtirilgan edi. Tayanch stansiyani ishga tushirishda asosiy o‘ringa ega obyektlar shaharga va magistral liniyalarga tortib kelindi. 8ta 4G formatidagi stansiya modernizatsiya qilindi va 29 yangi tayanch stansiya foydalanishga topshirildi.
Ucell-Samarqand hududiy bo‘limi direktori Emil Kurtnazarov mazkur hududda qad ko‘targan savdo markazida ham Ucell savdo shaxobchasi ishga tushganini alohida ta’kidlaydi:
– Hozir biz viloyatdagi eng katta savdo markazlaridan biridamiz. Albatta, bizning kompaniyamiz ham bu yerda orolcha ko‘rinishidagi o‘z savdo shoxobchasi va abonentlarga xizmat ko‘rsatish nuqtasini ishga tushirgan. Abonentlarga xizmat ko‘rsatish va tarmoqqa ulashdan tashqari biz muddatli to‘lovga telefonlar va mijozning didiga ko‘ra chiroyli raqamlar taklif etamiz. Ushbu savdo shoxobchasi soat 22:00 ga qadar ishlaydi, demakki, ish vaqtidan so‘ng ham kelish va tarmoqqa ulanish, telefon sotib olish mumkin. Bo‘lajak mijozlar biz bilan ishlashlari oson va qulay bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter