«Ucell» pullik abonent raqamlarini elektron auksionda sotadi
Bugun, 23-may kuni O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi markaziy ofisida birja boshqaruvi raisi Faroxidin Ibragimov va «COSCOM» MChJ (Ucelltm) bosh direktori Vladimir Kravchenko «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi» AJ axborot tizimida pullik abonent raqamlarini realizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma tuzish huquqini beruvchi elektron auksion tashkil etish haqida kelishuv imzolashdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, «COSCOM» MChJ – pullik toifadagi abonent raqamlarini «O‘zRTXB» AJning yangi elektron savdo tizimi orqali realizatsiya qilishni taklif etgan birinchi mobil aloqa operatori bo‘ldi.
«O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi» AJ bilan shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-avgustdagi «Elektron yarmarkalar, auksion va tanlovlar tashkilotchilarining — axborot vositachilarining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq tuzilgan va abonent telefon raqamlarini birjaning onlayn-auksioni orqali realizatsiya qilish borasida ikki kompaniyaning o‘zaro hamkorligini ko‘zda tutadi.
Yuqoridagi qaror va erishilgan kelishuvlar doirasida «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi» AJ axborot tizimida elektron auksion o‘tkazishning muayyan qoidalari ishlab chiqilgan.
Ayni damda birja mutaxassislari tomonidan chiroyli sonlar ketma-ketligiga asoslangan mobil telefon raqamlarini onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish bo‘yicha yangi veb-sayt ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tkazilmoqda.
Onlayn-auksionda xaridor sifatida yuridik shaxslar (B2B) ham, jismoniy shaxslar (B2C) ham ishtirok etishlari mumkin. Savdoning yangicha mexanizmi, O‘zRTXBning boshqa savdo platformalari kabi, ochiqlik, shaffoflik, sog‘lom raqobat va savdoning barcha ishtirokchilari uchun teng imkoniyat tamoyillariga asoslangan.
«O‘zRTXB» AJning yangi savdo tizimi hamda veb-sayti yaqin orada ishga tushishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter