Tvitterdagi surat sabab Xitoy va Avstraliya o‘rtasidan olamushuk o‘tdi
Xitoy tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Chjao Litszyan tomonidan Tvitter tarmog‘ida joylangan surat Avstraliya hukumatining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Kompyuter dasturida «tahrir» qilingan suratda avstraliyalik askarning afg‘onistonlik bola bo‘g‘ziga pichoq qadab turganini ko‘rish mumkin. Janjalli fotosuratga «Qo‘rmanglar! Biz sizlarga tinchlik olib kelmoqdamiz!» degan kinoyaviy izoh ham ilova qilingan.
Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison maxsus matbuot anjumani o‘tkazib, Tvitter ma’muriyatidan ushbu suratni o‘chirishni, Xitoy hukumatidan esa uzr so‘rashni talab qildi.
«Bu holatni mutlaqo oqlab bo‘lmaydi. Xitoy hukumati bunday xatti-harakat uchun uyalishi kerak», – deya keskin bayonot berdi Avstraliya hukumati rahbari.
Joriy yil noyabr oyida Avstraliyaning SAS maxsus bo‘linmasi harbiylari Afg‘onistondagi urush davrida, 2009-2013-yillarda 39 kishini qatl etgani haqida ma’lum bo‘lgan edi. Avstraliya hukumati ushbu holat yuzasidan Afg‘onistondan kechirim so‘radi.
Xitoy TIV vakili fotokollaj orqali Afg‘onistondagi qotilliklarga ishora qilgan.
Avstraliya bosh vazirining talabiga javoban Xitoy tashqi ishla vazirligi uzr so‘ramasligini ma’lum qildi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, bu o‘rinda Avstraliya rahbariyatining o‘zi harbiylari sodir etgan jinoyat uchun uyalishi kerak.
So‘nggi oylarda rasmiy Pekin hamda Kanberra o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashdi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy ziddiyatlarga COVID-19 omili ham qo‘shildi. Gap shundaki, Avstraliya ham koronavirusning kelib chiqishi borasida Xitoy rasmiylari bildirgan fikrni shubha ostiga olib, bu borada xalqaro tekshiruv o‘tkazish lozimligini talab qilmoqda.
Avstraliya rahbariyati Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi uyg‘ur hamda boshqa millatlarga mansub musulmonlarga nisbatan siyosatini ham tanqid qilib keladi. Avstraliya strategik siyosat instituti (The Australian Strategic Policy Institute, ASPI) e’lon qilgan so‘nggi tadqiqotga ko‘ra, Xitoy ma’muriyati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida uyg‘ur hamda boshqa millatlarga mansub musulmonlarni tutqunlikda saqlash uchun maxfiy lagerlarni ko‘paytirmoqda. Qayd etilishicha, musulmonlarni «qayta tarbiyalash lagerlari» tarmog‘i jahon hamjamiyati tasavvur qilganidan ham kattaroqdir.
Avvalroq Avstraliya strategik siyosat instituti Xitoy hukumatining bosimi ostida o‘n minglab uyg‘ur hamda boshqa elatlarga mansub musulmonlar qullik sharoitida mehnat qilayotgani, musulmonlar majburan ishlatilayotgan korxonalar orasida BMW, Samsung, Apple, Lenovo, LG, Dell, Nike, Zara, Adidas, H&M kabi dunyoga mashhur savdo brendlari ham borligi haqida taqdiqot e’lon qilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter