Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada megaloyiha yakunlandi: Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi masofa qisqarmoqda

Turkiyada megaloyiha yakunlandi: Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi masofa qisqarmoqda

Erdo‘g‘on yangi ko‘prikni Turkiya qudrati ramzi deb atadi.

Foto: AA

18 mart kuni Turkiyaning Chanoqqal’a viloyatida dunyodagi eng uzun osma ko‘priklardan biri foydalanishga topshirildi. «1915 Chanoqqal’a» deb nomlangan yirik inshoot ochilishida mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ishtirok etdi.

Yangi ko‘prik qurilishi zamonaviy Turkiya tarixidagi muhim sanalardan biri Chanoqqal’a dengiz g‘alabasining 107 yilligi kunida yakunlangani ramziy ma’noga ega sanaladi.

Prezident Erdo‘g‘on ulkan ko‘prik rekord darajasida qisqa muddatda (4 yil) qurib bitkazilganini qayd etdi.

«Ming yillar davomida turli madaniyat vakillari uchun manzil-makon bo‘lgan Dardanell (turkchada Chanoqqal’a  –  tahr.) bo‘g‘ozi tarixida bugun yangi sahifa ochildi. «1915 Chanoqqal’a» ko‘prigi tayanch ustunlar orasidagi masofa uzunligi bo‘yicha dunyoda birinchi sanaladi. Turkiya mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Yaponiyani ortda qoldirdi», – dedi Erdo‘g‘on.

Turkiya transport va infratuzilma vazirligining megaloyihalaridan biri bo‘lgan «1915 Chanoqqal’a» ko‘prigi qurilishiga 5100 mutaxassis va 740 ta qurilish mashinasi safarbar etildi. «Chanoqqal’a bo‘g‘ozining marjoni» deb ta’riflangan ko‘prik qurilishiga 2 mlrd 545 mln yevro sarflangan. Qayd etilishicha, yangi ko‘prik yiliga 415 mln yevro mablag‘ni tejash imkonini beradi. Shuningdek, 118 ming ish o‘rni yaratiladi. Pirovardida loyiha mamlakat YaIMga qo‘shimcha 2,4 milliard yevro keltiradi.

Chanoqqal’a viloyatining Lapseki va Gelibolu tumanlari o‘rtasida joylashgan ko‘prikning asosiy kabeli uchun dunyoni 4 marta aylanishga yetadigan 162 ming kilometr sim ishlatildi. 6 polosali ko‘prikning jami uzunligi 4608 metrni tashkil etadi. Minora poydevori joylashgan hududda diametri 2,5 metr bo‘lgan 368 ta po‘lat qoziq (165 tasi Osiyo, 203 tasi Yevropa tomonda) o‘rnatilgan.

Ko‘prik Dardanell bo‘g‘ozining Yevropa va Osiyo qismini bog‘laydi. Yangi inshoot ikki qit’a o‘rtasidagi masofani 6 daqiqaga qisqartiradi. Shuningdek, u Istanbuldan Egey mintaqasiga qisqa va muqobil yo‘l ochadi.

Loyiha mualliflariga ko‘ra, ko‘prikning tayanch qismlari orasidagi 2023 metr masofa Turkiya respublikasi ta’sis etilganining 100 yilligini, po‘lat minoralar esa Chanoqqal’a dengiz g‘alabasi qo‘lga kiritilgan 1915-yil 18-martni anglatadi. 334 metr uzunlikdagi minoralar Turkiya bayrog‘i kabi qizil va oq rangli bo‘yalgan.

«1915 Chanoqqal’a» ko‘prigi 18 mart kuni foydalanishga topshirilgani bejiz emas. Gap shundaki, 1915-yilning ayni shu kuni Turkiya armiyasi Istanbulni egallashga uringan ingliz-fransuz flotini tor-mor etgan edi. Mazkur tarixiy g‘alaba orqali mamlakat o‘z mustaqilligini munosib himoya qilgan. Turkiya ushbu g‘alabani alohida qadrlaydi. Millat ziyolilari Chanoqqal’a qahramonlari va shahidlari aslo unutilmasligini ta’kidlab keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring