Turkiyada komendantlik soati. Aholi nonni qayerdan oladi?

Koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash doirasida Turkiyaning 31 ta shahrida komendantlik soati joriy etildi. Ichki ishlar vazirligi qaroriga ko‘ra, 10 aprel soat 00:00 dan boshlab 12 aprel soat 00:00 gacha – 48 soat mobaynida ko‘chaga chiqish taqiqlanadi.
Mazkur qaror shanba va yakshanba kunlari ob-havoning isishi tufayli aksar fuqarolarning uyda qolish chaqiruviga rioya qilmaslik ehtimolini hisobga olgan holda qabul qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi kasallik yanada keng tarqalishi oldini olishda fuqarolarning uyda qolishi muhim ekanini uqtirmoqda.

Komendantlik soati mamlakatning Anqara, Istanbul, Izmir, Ko‘nyo, Adana kabi yirik shaharlarida ham amal qilmoqda.
Tibbiy vositalar va dori-darmon ishlab chiqaruvchi korxonalar, shifoxona, oziq-ovqat do‘koni va novvoyxonalar ishlashiga ruxsat berilgan.
Komendantlik soati kuchga kirishi arafasida do‘kon va novvoyxonlarida navbatlar kuzatilgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, endilikda davlat idoralari komendantlik soati mobaynida aholiga oziq-ovqat va kundalik mahsulotlarni uyigacha yetkazib bermoqda. Ayni choqda, mamlakat bo‘ylab novvoyxonalar va maxsus ko‘ngillilar guruhi tomonidan xonadonlarga non yetkazib berilmoqda.

Turkiya hukumati 3 apreldan yirik shaharlarga transport vositalari kirishi va chiqishini taqiqlagan edi. Qolaversa, 20 yoshdan kichiklarning uylarini tark etishi ham man etildi.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on topshirig‘iga ko‘ra, tibbiy niqoblarni sotish taqiqlandi. Mamlakat bo‘ylab har bir fuqaroga bir haftada 5 donadan niqob va antiseptik beg‘araz tarqatilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada 52167 kishi koronavirus yuqtirgani qayd etilgan. Ulardan 2965 nafari butkul sog‘aygan bo‘lsa, 1101 kishi infeksiya tufayli vafot etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter