Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya parlamenti Isroilning sheriklariga qarshi keskin bayonot berdi

Turkiya parlamenti Isroilning sheriklariga qarshi keskin bayonot berdi

Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputatlari Isroilning G‘azoga bosqinini qo‘llab-quvvatlayotgan kompaniyalarning mahsulotlaridan foydalanmaydi, deb bayonot berdi qonunchilik idorasi raisi No‘’mon Qurtulmush.

«Endilikda (Isroilni dastaklayotgan shirkatlardan) hech narsa sotib olmaymiz va avval sotib olgan mahsulotlarimizni ham tashlab yubormoqchimiz», – deydi Turkiya parlamenti raisi.

Siyosatchiga ko‘ra, Isroilning G‘azoda olib borayotgan harbiy amaliyoti mislsiz gumanitar falokatga olib keldi.

«G‘azodagi qirg‘in yovuzlikning cho‘qqisidir, bundan-da dahshatli yovuzlik bo‘lishi mumkin emas. Gumanitar front shakllanadi va millionlab odamlar insoniylikning hali o‘lmaganini namoyish etadi degan umiddaman», – deydi N.Qurtulmush.

Isroil harbiylari HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azo sektorida havo va quruqlikda harbiy amaliyot o‘tkazyapti.

2,3 million nufusli mintaqa suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilingan.

Tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan larzaga tushgan dunyo hamjamiyati Isroildan xalqaro huquqqa rioya qilishni talab qilmoqda. Xususan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urdi.

Butun dunyoda, xususan, musulmon olamida Isroilning xalqaro gumanitar huquqqa zid harakatlarini moliyaviy dastaklayotgan shirkatlarga qarshi boykot e’lon qilish, ularning mahsulot va xizmatlaridan foydalanmaslik targ‘ib etilmoqda. Boykot amaliyoti, ayniqsa, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Misr va boshqa arab davlatlarida faol kechayotgani aytilmoqda.

Turkiya energetika vaziri Alparslon Bayraktar G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilmagunicha Isroil bilan energetika yo‘nalishidagi loyihalar muhokama etilmasligini bildirgan.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroilni G‘azoda ochiqchasiga harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblagan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring