Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya o‘zbekistonlik yoshlarga ta’lim granti taqdim etmoqda. Shartlar qanday, muddat-chi?

Turkiya o‘zbekistonlik yoshlarga ta’lim granti taqdim etmoqda. Shartlar qanday, muddat-chi?

«Türkiye Bursları» dasturiga 2021 yilda 178 davlatdan 165 ming nomzod hujjat topshirgan.

Foto: YTB

Turkiya hukumati dasturi (Türkiye Bursları) bo‘yicha dunyo bo‘ylab iqtidorli yoshlarga ta’lim granti ajratilmoqda. Mazkur dastur doirasida o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar ham nufuzli universitetlarning bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida to‘liq bepul tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi.

Grant g‘oliblari, shuningdek, turarjoy,  oylik stipendiya, tibbiy sug‘urta, bir martalik aviachipta bilan ta’minlanadi. Turk tilini o‘rganish istagida bo‘lgan nomzodlar esa bir yillik kursda o‘qishi mumkin.

Tashkilotchilarga ko‘ra, arizalar faqat Turkiya hukumati grantlari rasmiy sayti orqali qabul qilinadi.

Turkiya elchixonasining ta’lim bo‘yicha maslahatchisi Ali Ayyubxo‘ja «Xabar.uz»ga dasturning asosiy shartlari xususida so‘zlab berdi.

«Dastur bo‘yicha arizalarni qabul qilish joriy yil 10-yanvardan boshlangan bo‘lib, bu jarayon 20-fevralgacha davom etadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha talabgorning  ilmiy natijalari va akademiya salohiyati ko‘rib chiqiladi hamda munosib nomzodlar suhbatga taklif etiladi. O‘zbekistonlik yoshlarga eslatib o‘tmoqchi edim, «Türkiye Bursları» sayti orqali ariza to‘ldirish uchun firmalarga murojaat qilishning hojati yo‘q. Arizani onlayn tarzda sodda va oson usulda to‘ldirish mumkin», – deydi diplomat.

An’anaga ko‘ra Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham iqtidorli bitiruvchilar bilan uchrashadi. Foto: Turkiya prezidenti rasmiy sayti

2021-yili 1000 ga yaqin o‘zbekistonlik nomzod grant uchun ariza topshirgan va saralash yakunida 130 dan ziyod yurtdoshimiz bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida tahsil olish imkonini qo‘lga kiritgan.

«Qo‘shni mamlakatlar bilan solishtirganda, O‘zbekistondan berilayotgan arizalar soni kamroq. Turkiya qardosh O‘zbekiston uchun ko‘proq grant taqdim etishni istaydi. Dastur talablariga javob beradigan salohiyatli yoshlar qancha ko‘p bo‘lsa, grant miqdori ham shuncha oshadi. Ayni paytda O‘zbekistondagi mavjud talab va ehtiyojga ko‘ra asosan tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, turizm, muhandislik va boshqa texnika yo‘nalishlarga o‘rin ajratilmoqda», – deydi ta’lim bo‘yicha maslahatchi.

Hozirda Turkiyada 3000 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Ulardan 400 ga yaqini davlat grantini olgan.  

«Grant dasturi talabgorlariga qo‘yiladigan shartlardan biri – Turkiyada tahsil olgach, albatta O‘zbekistonga qaytishi va mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shishi lozim. Bilimli mutaxassislar ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga hissa qo‘shib, ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarishi tarafdorimiz», – deydi Ali Ayyubxo‘ja.

Ta’lim bo‘yicha maslahatchi Ali Ayyubxo‘ja. Foto: «Xabar.uz»

Turkiya hukumati o‘tgan asrning 60-yillarida boshlab ikki tomonlama bitimlarga ko‘ra, muayyan davlatlar talabalariga grantlar ajrata boshlagan. 1992-yildan esa keng miqyosda grantlar taqdim etilmoqda. Hukumat grantlar dasturi 2012-yildan buyon «Türkiye Bursları» deb ataladi. Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi (YTB) mazkur stipendiyalar dasturini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

So‘nggi o‘n yilda Turkiyada xorijlik talabalar soni 75 foizga o‘sib, 200 ming nafarga yetdi. Ularning qariyb 20 mingi hukumat stipendiyasi sovrindori sanaladi.  YuNESKO Turkiyani eng ko‘p xorijlik talaba tahsil olayotgan davlatlar safiga kiritgan.

Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi (YTB) rahbari Abdulloh Eren 2019-yili Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda Turkiya o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar uchun ta’lim grantlarini ko‘paytirish istagida ekanini ma’lum qilgan edi.

O‘tgan hafta Turkiya oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi katta delegatsiyaning yurtimizga tashrifi davomida ham oliy ta’lim bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama etildi, xususan, O‘zbek–Turk universiteti ochilishi ma’lum qilindi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring