Turk kompaniyasi O‘zbekistonda ko‘p tarmoqli shifoxonalar qurishni taklif qildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Turkiyaning yetakchi injiniring va qurilish kompaniyasi – «Renessans Xolding» prezidenti Erman Ilijak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu uchrashuv o‘tgan oy Anqarada o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya muzokaralarining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Bugungi kunda «Renessans Xolding» kompaniyasi mamlakatimizda umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Xususan, Toshkent viloyatining yetakchi metallurgiya korxonalari negizida zamonaviy ob’yektlar – loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna bo‘lgan mis boyitish fabrikasi va quvvati 1 million tonnagacha bo‘lgan metall prokati ishlab chiqarish majmuasini barpo etish loyihalari tayyorlanmoqda.
Uchrashuvda ushbu loyihalar doirasidagi amaliy ishlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Turkiya kompaniyasining dastlabki bosqichda Toshkent shahrida, keyingi bosqichlarda Samarqand va Farg‘ona shaharlarida ilg‘or xalqaro tajriba hamda texnologiyalarni jalb qilgan holda ko‘p tarmoqli shifoxonalar tashkil etish borasidagi loyihaviy takliflari taqdimoti o‘tkazildi.
Mazkur loyihalar davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshiriladi, shuningdek, turkiyalik sheriklar shifoxonalarni boshqarish va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, muhim ijtimoiy ob’yektlarni rekonstruksiya qilishda, injiniring, loyihalashtirish va qurilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter