Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya: «Jumhuriyat shahidlar qoni badaliga barpo etilgan»

Turkiya: «Jumhuriyat shahidlar qoni badaliga barpo etilgan»

Bosh vazir Abdulla Aripov va elchi Mehmet Surayyo Er.

Foto: «Xabar.uz»

Kecha, 29-oktyabr kuni Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida Turkiya milliy bayrami – Respublika e’lon qilinganining 96 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston hukumati va parlamenti, xalqaro tashkilot va xorijiy elchixonalar vakillari, fan, ta’lim, madaniyat va san’at namoyandalari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi.

Turkiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er o‘z nutqida mamlakat ozodligi uchun shahid ketganlar, xususan, Birinchi jahon urushining tahlikali pallalarida o‘lka birligini saqlab qolgan va respublikaga asos solgan Mustafo Kamol Otaturkni ehtirom ila tilga oldi.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, an’anaga ko‘ra, Mustafo Kamol Otaturk xoki qo‘yilgan Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Foto: «Anadolu Ajansı»

Diplomat turklar «ota yurt» deb ulug‘laydigan qardosh O‘zbekiston bilan hamkorlik strategik darajaga chiqqani, bunda esa ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabati hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

«Shunchaki hamkorlik robitalari emas, balki ko‘ngil rishtalari ila bog‘langan do‘stligimiz vaqt sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib kelmoqda», dedi turk elchisi.

Diplomat o‘z chiqishida tarixi, tili, dini va madaniyati mushtarak turk va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi hamkorlik bundan-da yuksalishiga ishonch bildirdi.

Mehmet Surayyo Er anjuman davomida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Respublika e’lon qilinganining 96 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini ham o‘qib eshittirdi.

Prezident maktubida turk xalqi asrlar mobaynida g‘animlarga bo‘yin egmagani, milliy g‘urur va hurlikdan mahrum bo‘lishdan o‘limni afzal ko‘rgani bayon etiladi.

Qayd etilishicha, Turkiya ayni paytda bir asr avvalgi milliy ozodlik harakati davri kabi jiddiy tahdidlarga ro‘baro‘ bo‘lmoqda.

«2016 yil 15 iyul kuni davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olingani, shuningdek, Suriyada amal oshirilgan «Furot qalqoni», «Zaytun novdasi» hamda «Tinchlik bulog‘i» aksilterror operatsiyalari – bularning bari turk xalqi olib borayotgan tarixiy kurashning yorqin namunalaridir», – deyiladi davlat rahbari tabrigida.

Ta’kidlanishicha, Turkiya ko‘p asrlik davlatchilik an’analari hamda zamonaviy respublika tajribasiga tayanib, o‘z yo‘lidagi barcha g‘ovlarni oshib o‘tadi va 2023 yilga mo‘ljallangan marralarni zabt etadi.

Mamlakatning 81 muzofoti hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda o‘qib eshittirilgan maktubda turk xalqiga 96 yil avval kuch-quvvat bergan va respublika tamal toshini qo‘ygan muzaffar ruh hamon tirik ekani ta’kidlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 1923 yil 29 oktyabrda Turkiya parlamenti – Buyuk Millat majlisi tomonidan respublika ta’sis etilgani e’lon qilingan. 1925 yildan buyon mazkur sana Turkiya milliy bayrami sifatida tantana qilinadi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring