Janubiy Koreya O‘zbekiston statistika tizimiga salkam 4 mln dollar ajratadi

Janubiy Koreya hukumati “Statistika salohiyatini oshirish” loyihasi uchun O‘zbekistonga 3,8 mln dollarlik grant ajratdi.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi va Koreya Respublikasining “Statistics Korea” idorasi o‘rtasida 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan “Statistika salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida muhim hamkorlik boshlandi.
Koreya hukumatining rivojlanishga rasmiy yordam dasturi (ODA) doirasida 3,8 million AQSh dollari miqdoridagi grant asosida moliyalashtiriladigan ushbu loyiha mamlakatimizda statistika tizimini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etishga qaratilgan.
Ayni paytda Koreya statistika idorasi vakillari Milliy statistika qo‘mitasiga tashrif buyurib, loyiha doirasidagi yakuniy yo‘nalishlarni muhokama qilmoqda. Muhokamalarda kadrlar malakasini oshirishga alohida e’tibor berildi. Bu yo‘nalishda Milliy statistika qo‘mitasi xodimlari uchun Koreya va O‘zbekistonda o‘quv kurslari tashkil etiladi, shuningdek, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida kompyuter va audio qurilmalar bilan jihozlangan zamonaviy o‘quv xonalari tashkil etiladi.
Loyiha doirasida CATI (kompyuter yordamida telefon orqali intervyu o‘tkazish) tizimi joriy etiladi, bu esa tanlanma kuzatuvlarni tezkor va aniq amalga oshirish imkonini beradi, Statistika qo‘mitasi xabarida.
Shuningdek, ma’muriy ma’lumotlar bazalarini boshqarish tizimi yaratilib, davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar integratsiyasi ta’minlanadi va statistik tahlillar avtomatlashtirilgan, ishonchli platformalarda amalga oshiriladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter