Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya 1300 yillik bitiktoshni saqlash yo‘lida muhim loyihaga qo‘l urdi

Turkiya 1300 yillik bitiktoshni saqlash yo‘lida muhim loyihaga qo‘l urdi

Turkiya madaniyat va turizm vaziri.

Foto: AA

Turkiya Mo‘g‘ulistonda saqlanayotgan To‘nyuquq bitiktoshini muhofaza etish maqsadida muzey barpo etadi. Turkiy xalqlarning umumiy boyligi sanalgan bitiktoshni saqlash maqsadida muzey barpo etish tashabbusi bir necha yil avval ma’lum qilingan, ammo pandemiya sabab ortga surilgan edi, deb xabar berdi Anadolu axborot agentligi.

Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batordan 66 km masofada joylashgan hududda muzey tamal toshini qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Mo‘g‘uliston madaniyat vaziri Nomin Chinbat, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti Serkan Kayalar hamda olimlar ishtirok etdi.

Turkiya madaniyat va turizm vaziriga ko‘ra, 20 gektar hududda zamonaviy konsepsiyalar asosida ulkan madaniy-sayyohlik markazi bunyod etiladi. Qurilish ishlar 2024 yilda yakunlanadi.

«To‘nyuquq bitiktoshi – turkiy xalqlarning mushtarak boyligi. Bu jihatdan, yangi loyiha mushtarak madaniy-ma’naviy merosimizni kelajak avlodga yetkazish yo‘lida qimmatli sarmoya sanaladi», – dedi Mehmet Nuri Ersoy.

To‘nyuquq yodgorligi Ulan-Bator shahridan 66 km janubi-sharqda joylashgan. Foto: Habertürk

Zamonaviy majmuaning barpo etilishi 1300 yillik tarixga ega bitiktoshni tabiat ta’siridan muhofaza etish va hududni sayyohlik markaziga aylantirish imkonini beradi. Muzeyga bitiktosh bilan birga tarixiy artefaktlar va nodir arxeologik topilmalar qo‘yiladi.

To‘nyuquq bitiktoshi Ikkinchi turk xoqonligi davridagi atoqli siyosiy arbob va sarkarda To‘nyuquq (taxm. 645-726) sharafiga 712-716 yillarda qo‘yilgan yodgorlikdir. Marmarga darj etilgan bitik 62 satrdan iborat bo‘lib, ikki tosh ustunni o‘z ichiga oladi.

Bitiktoshda Turk xoqonligining qayta tashkil topishi, bu borada Eltarish xoqonning xizmati, To‘nyuquqning turli o‘lka va qabilalarga qarshi uyushtirilgan harbiy yurishlardagi qahramonligi, vatanparvarligi batafsil bayon etilgan. Yodgorlik nafaqat badiiy-tarixiy asar sifatida, balki qadimiy toponimlarni o‘rganish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir.

Mazkur bitiktoshni 1897 yilda rus etnografi Yelizaveta Klemens eri Dmitriy Klemens bilan birga Shimoliy Mo‘g‘uliston hududidan topgan.

Mutaxassislar To‘nyuquq bitiktoshini kompozitsion jihatdan yetuk asar deb hisoblaydilar. Uning til xususiyatlari ham e’tiborga loyiq. Bitiktosh – VIII asrdagi adabiy til namunasidir. Asarda istifoda etilgan ko‘plab so‘zlar hozirgi o‘zbek tilida ham aynan qo‘llanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring