Turkiy davlatlar tashkiloti huzurida Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi tuzildi
Bugun, 28-iyun kuni Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) huzuridagi Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi ta’sis etilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir va alyans ishtirokchilarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.
«Turkiy davlatlar tashkiloti huzuridagi Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi TDTga a’zo mamlakatlarda yuk tashish va logistika markazlarini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilmoqda. Alyans ushbu yo‘nalishda logistika va yuk tashish, muhandislik ishlari hamda konsalting xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni birlashtiradi.
Turkiy mamlakatlardagi yirik logistika markazlari, yuk tashuvchilar, terminallar, dengiz va quruqlik portlari o‘rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yechimlarni joriy etish orqali butun mintaqaning transport-logistika salohiyatini oshirish Alyansning asosiy maqsadlari qatoriga kiradi», – deydi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov.
Tadbirda TDT huzuridagi «Logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi» xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotini tashkil etish hamda ta’sis hujjatlarini imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda Alyans bosh kotibi hamda kotibiyat a’zolarini tayinlash bilan davom etdi. Alyans bosh kotibi etib O‘zbekiston xususiy sektori vakili Asqar Qodirov saylandi.
Tadbir Turkiy Davlatlar Tashkiloti vakillari, Alyans Bosh kotibi va yig‘ilish ishtirokchilarining yakuniy nutqi bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, TDTga a’zo dalvatlar – Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston bo‘lib, Vengriya hamda Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter