Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sodiq Safoyev Antaliya forumida muhim masalani ko‘tardi

Sodiq Safoyev Antaliya forumida muhim masalani ko‘tardi

Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) dunyoda kechayotgan jadal o‘zgarishlarga har jihatdan moslashgan holda harakat qilishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Antaliyada (Turkiya) bo‘lib o‘tgan diplomatik forumdagi nutqida ta’kidladi.

«Turkiy davlatlar tashkiloti: hamkorlikning o‘ziga xos modeli» mavzusidagi muhokamalarda chiqish qilgan Sodiq Safoyev zamonaviy dunyo urush, ixtiloflar, ekologik fojialar, uyushgan jinoyatchilik kabi ulkan muammolarga duch kelayotganiga e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, TDTning tuzilishi turkiy dunyoning ushbu muammolarga jamoaviy javobi hisoblanadi. Shu bois ham tashkilot shunchaki munozaralar maydoni emas, balki aniq harakatlarga asoslangan tuzilma bo‘lishi muhimdir.

S.Safoyev TDT avval-boshdan faqat savdo-iqtisodiy yo‘nalishda emas, balki mushtarak madaniyat va qadriyatlarga asoslangan holda faoliyat yuritib kelayotganini qayd etdi.

Siyosatchining ta’kidicha, savdo-iqtisodiy hamkorlik TDT faoliyatida katta o‘rin tutadi, ammo o‘zaro tushunish, mushtarak qadriyat va uyg‘un tamoyillar yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

«TDT butun dunyoga buning imkoni borligini isbotladi. U ana shunday o‘ziga xos tashkilot tuzish mumkinligini ko‘rsatib berdi», – deb xulosa qildi O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi vakili. 

Muhokamalarda ma’ruza bilan qatnashgan TDT Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim esa turkiy davlatlar uchun umumiy alifbo zaruratiga to‘xtaldi. Turkiyalik siyosatchiga ko‘ra, TDT ekspertlari umumiy alifboning texnik jihatlari bo‘yicha ishlarni yakunlagan. Kelgusi qadamlar esa davlatlarning siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: TDTga Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya a’zo, Vengriya hamda Turkmaniston esa kuzatuvchi davlat maqomida. Hozirda TDT 170 million nufus hamda 4,2 million kvadrat kilometrga cho‘zilgan muhim geosiyosiy hududga ega.

Avval xabar berganimizdek, TDTga a’zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlarning umumiy nominal YaIM dunyoning 1,7 foizini (taxminan 1,8 trln dollar), xarid qilish qobiliyati pariteti bo‘yicha esa dunyoning 3,1 foizini (taxminan 5,7 trln dollar) tashkil etmoqda.

Yangi yuzyillikda turkiy davlatlarning geosiyosatdagi o‘rni va maqomi yanada oshishi bashorat qilinmoqda.

Hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda turkiy davlatlar o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun Shimoliy Atlantika ittifoqi (NATO) kabi tuzilmaga ega bo‘lishi kerakligi ham taklif etilgani ma’lum.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring