Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tungi vaqt uchun maxsus xizmatlar tashkil etiladi

Tungi vaqt uchun maxsus xizmatlar tashkil etiladi

Endi tungi vaqtda (soat 18:00 dan 06:00 ga qadar) amal qiladigan mexanizmlar joriy qilinadi va rivojlantiriladi. Bu haqda 30 aprel kuni imzolangan «Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida so‘z boradi.

Xususan, quyidagilar tashkil etiladi:

  • maxsus tashkil etiladigan «turizm ko‘chalari»da joylashgan umumiy ovqatlanish korxonalari, ko‘ngilochar va savdo ob’yektlari, madaniyat tashkilotlari faoliyatini jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini ta’minlagan holda to‘sqinliksiz amalga oshirish;
  • turizm namoyishi ob’yektlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun zarur infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiyalar tizimini yanada yaxshilash;
  • madaniy-ko‘ngilochar va konsert tomosha tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • maxsus avtobuslar (shuttle-bus) qatnovini yo‘lga qo‘yish;
  • turizm namoyishi ob’yektlarining faoliyat olib borishiga ruxsat berishning yagona tartibini joriy qilish va turizm namoyishi ob’yektlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish.

Yangi tartibga ko‘ra tungi vaqtda faoliyat olib boruvchi turizm namoyishi ob’yektlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun davlat tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:

  • faoliyat yuritayotgan turizm namoyishi ob’yektlari atrofi uzluksiz yoritilishi ta’minlanadi, shu jumladan, mazkur hududlar energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan jihozlanadi;
  • turizm namoyishi ob’yektlari «Xavfsiz shahar» konsepsiyasiga integratsiya qilinadi;
  • «turizm ko‘chalari»da jamoat xavfsizligi normalari va talablari doirasida «xavfsizlik chaqiruv tugmalari» o‘rnatiladi hamda Wi-Fi zonalari tashkil etiladi.

Shuningdek, tungi vaqtda faoliyat olib borayotgan turizm namoyishi ob’yektlariga:

  • ob’yektlarning ichki qismi, xizmat ko‘rsatish xonalari, kirish va chiqish, shu jumladan, favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish joylarida ma’lumotlarni kamida o‘ttiz kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini o‘rnatish va «Xavfsiz shahar» konsepsiyasiga integratsiya qilish;
  • binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni kamida 10 metr masofada yoritish;
  • ob’yektlarni to‘liq tovush o‘tkazmaydigan tarzda jihozlash, bunda, tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan aholining tinchligini buzmagan holda foydalaniladi;
  • ob’yektlarni yong‘in o‘chirish vositalari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar to‘plamiga ega tibbiy yordam qutichalari bilan ta’minlash;
  • binoning barcha uchun ko‘rinarli joylarida yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari aks ettirilgan ma’lumotlarni aks ettirish talabi belgilanadi.

Tungi vaqtda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga asossiz aralashish, ular faoliyatiga byurokratik to‘siqlar qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday harakatlar taqiqlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring