Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tuman sudi qamoqqa olgan sudlanuvchi viloyat sudida ozodlikka chiqarildi. Nega?

Tuman sudi qamoqqa olgan sudlanuvchi viloyat sudida ozodlikka chiqarildi. Nega?

Foto: «rg.ru»

Voqelik kuppa-kunduzi (2019-yil 16-iyul), qoq peshinda sodir bo‘ldi. Bulung‘ur tumanining «Mehrjon» mahallasida joylashgan maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yekti yonida ikki nafar o‘rtog‘i bilan gaplashib turgan Jo‘rabek Atamurodovni Avaz Uchqunov yelkasi bilan turtib o‘tadi. Bu beixtiyor bo‘ldimi yoki qasddanmi — nima ahamiyati bor? Nari borsa, bitta «uzr» bilan unutilib ketadigan holat. Biroq  A.Uchqunov «past ketgisi» kelmadi, go‘yo...

Ikki o‘rtada janjal chiqib, «iyak kuchi»dan «bilak kuchi»ga o‘tib ketdi. A.Uchqunov o‘ziga «gap qaytargan»  Jo‘rabekning  ko‘zini «ochib qo‘yishga» astoydil harakat qildiki, buning natijasida «raqibi»ga yaxshigina jarohat yetdi.

Keyinchalik o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi J.Atamurodovga «o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati» yetkazilganini aniqladi... Bunday jarohat yetkazish ma’muriy huquqbuzarlikka emas, balki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lgani uchun A.Uchqunovga nisbatan «ish» ochilib, ko‘p o‘tmay sudga oshirildi.

Hamma narsa ayon: A.Uchqunov «zo‘r»ligini ko‘rsatib qo‘ydi, uning «qahramon»ligiga voqea joyida bo‘lgan Jo‘rabekning ikki o‘rtog‘i guvoh (o‘shalar J.Atamurodovni shifoxona olib borishgan-da). Qolaversa, sudga oid tibbiy ekspertiza jarohatning darajasini shahodatlab turibdi. Demak, sudlanuvchining qilmishi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan to‘g‘ri malakalangan. Bunday qilmish «uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tuman sudi qayd etilgan jazo turlarining «o‘rtasi» bo‘yicha hukm chiqardi: A.Uchqunovga bir yilu ikki oy ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlab, uni sud zalidan qamoqqa oldi.

Mazkur jinoyat ishi apellatsiya tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida ko‘rilganda tayinlangan jazo turini o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Ya’nikim, bir yo‘l-u ikki oy ozodlikdan mahrum etish jazosi o‘n bir oy-yu o‘n bir kun ozodlikdan cheklash jazosiga almashtirilib, mahkum sud zalidan ozod qilindi.

Nega?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi B. Aliqulovning «Xabar.uz» muxbiriga tushuntirishicha, jazo turining o‘zgartirishga bosh sabab — jabrlanuvchining sudga qilgan murojaati. Ya’ni, J.Atamurodov sudga ariza bilan murojaat qilib, A.Uchqunovga nisbatan yengillik berishni so‘rash asnosida unga nisbatan da’vosi yo‘qligi, yetkazilgan moddiy zararlarni qoplaganini bildirdi.  Sudlanuvchiga jazo tayinlanashda jabrlanuvchining fikri alohida ahamiyatga ega. Shunday ekan, qilmishidan pushaymon bo‘lib, shundog‘am tavbasiga tayangan sudlanuvchiga «bosib jazo» berishdan ma’no yo‘q.  Jazodan maqsad  tarbiya, illo birovni xonavayron qilish emas.

Yana bir gap. Sudlanuvchiga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlanishida uning  ma’lum muddat hibsda o‘tirgani ham e’tiborga olindi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring