Tramp va Mask ziddiyati Putin uchun yutuqmi yo yutqiziq?

Jahon matbuoti AQSh prezidenti Donald Tramp va Tesla hamda SpaceX xo‘jayini, Hukumat samaradorligi departamentining (DOGE) sobiq rahbari Ilon Mask o‘rtasidagi dahanaki tortishuvni qizg‘in muhokama etmoqda.
Avval xabar berganimizdek, yaqingacha qil o‘tmas do‘st kabi taassurot uyg‘otib kelgan Tramp va Mask so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali bir-biriga qarshi keskin ayblovlarni ilgari surdi.
Siyosiy fanlar nomzodi, tahlilchi Ivan Preobrajenskiy DW nashrida chop etilgan maqolasida Tramp va Mask ixtilofining Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta’sirini muhokama qildi.
Muallif fikricha, Mask timsolida Putin Trampga kuchli ta’sir o‘tkazib kelgan yaqin ittifoqchidan ayrilmoqda.
“Sir emaski, Amerikaning yangi ma’muriyatida Mask Kreml namoyandalariga g‘oyaviy yaqin bo‘lgan shaxslardan biri edi. Masalan, Mask Tramp hokimiyatga kelgunga qadar ham Vladimir Putin bilan muloqot qilgan. U Ukrainani hamda Zelenskiyni keskin tanqid qilgan. Aytish mumkinki, milliarder Amerikaning yangi liderini Kreml bilan o‘yin o‘ynashga undagan katalizatorlardan biri edi”, – deb yozadi Ivan Preobrajenskiy.
Siyosatshunos ta’kidicha, Oq uyda Maskdan tashqari prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff kabi Kremlga moyil mulozimlar saqlanib qolmoqda. Ammo baribir Mask Kreml uchun Trampga bevosita ta’sir ko‘rsata oladigan shaxs sifatida qadrli edi.
Mask Putin uchun Yevropadagi vaziyat bo‘yicha ham yaqin ittifoqchi edi, deb hisoblaydi Preobrajenskiy.
Gap shundaki, milliarder Yevropaning turli davlatlarida, jumladan, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyada o‘ta o‘ng qanotga mansub partiyalarni qo‘llab-quvvatlab kelgan va Trampni ham shunga undagan. O‘ta o‘ng qanotga mansub partiyalar esa Putinga xayrixoh ekani ma’lum.
“Boshqacha aytganda, yaqin vaqtgacha Kreml Yevropa Ittifoqining alohida mamlakatlari va umuman Yevropa Ittifoqini beqarorlashtirishda biroz betartib bo‘lsa-da, boy ittifoqchiga ega edi. Mask ketganidan keyin AQShning Yevropa bilan munosabatlari sovuq bo‘lib qolsa-da, Putin Mask uchun motam tutsa arziydi. Axir, u Kremlga (YeIda vaziyatni izdan chiqarish borasida) bilvosita bo‘lsa-da, katta kuch va mablag‘ni tejashga yordam berib kelayotgan edi”, – deb xulosa qiladi tahlilchi Ivan Preobrajenskiy.
Mask saylovoldi poygasi paytida Tramp kampaniyasining eng yirik xayriyachilaridan biri bo‘lgandi. Oradan “qora mushuk” o‘tgach, Mask respublikachilar vakili Trampdan butkul hafsalasi bir bo‘lganini yashirmayotir. Oxirgi xabarlarga qaraganda, prezident Tramp milliarder Mask demokratlar partiyasini moliyaviy dastaklagudek bo‘lsa, “jiddiy oqibat”larga ro‘baro‘ bo‘lishidan ogohlantirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter