Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Putindan «qattiq xafa bo‘ldi»

Tramp Putindan «qattiq xafa bo‘ldi»

Foto: AFP

AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinning demokratlar nomzodi Kamala Harris haqidagi gapidan «juda xafa bo‘lgani»ni aytdi.

«Men Putinni juda yaxshi bilar edim. U esa yaqinda Kamalani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bundan juda qattiq xafa bo‘ldim. Qiziq, u nega Kamalani dastakladi ekan? Yo‘q, u shaxmatchi. Xo‘sh, shu sabab ko‘nglimni cho‘ktirishim kerakmi? O‘ylaymanki, bu kulgi yo‘sinida aytilgan gap» – degan Tramp Viskonsin shtatidagi saylovoldi uchrashuvda.

Gap shundaki, Vladimir Putin 5 sentyabr kuni Sharqiy iqtisodiy forumdagi chiqishida Rossiya hukumati saylovda respublikachilar nomzodi Trampdan ko‘ra demokratlar vakili Kamala Harrisning g‘alabasini afzal bilishiga shama qilgan edi.

«Ta’bir joiz bo‘lsa, bizning favorit amaldagi prezident janob Bayden edi. U poygadan chiqdi va o‘z tarafdorlariga Harris xonimni qo‘llab-quvvatlashni tavsiya etdi. Biz ham shunday yo‘l tutamiz. Uni qo‘llab-quvvatlaymiz», – degan edi Putin miyig‘ida kulgancha.

Tahlilchilar Putin kinoya bilan gapirgani, aslida, u Tramp tarafdori ekanini aytmoqda.

Garchi ikki mamlakat hozirda turli qutblarni egallab turgan bo‘lsa-da, Tramp va Putin munosabati iliq ekani taxmin qilinadi.

Tramp joriy yil iyun oyida bergan intervyusida prezidentlik davrida Rossiya rahbari bilan munosabatlari «juda yaxshi» bo‘lganini ta’kidlagan edi. «Menga zaiflarga qaraganda kuchlilar bilan til topishish osonroq» deya, u Putinni «kuchli» deb sifatlagandi.

Putin ham joriy yil fevral oyida amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida Tramp bilan munosabatlarini«do‘stona va yaxshi»deb baholagan.

Avval xabar berganimizdek, AQSh moliya va adliya vazirliklari o‘tgan hafta Rossiyaning bir qator davlat OAV va ularning yuqori martabali vakillariga nisbatan sanksiya joriy qildi. Vashington Moskvani o‘z media loyihalari orqali AQShdagi joriy prezidentlik sayloviga ta’sir ko‘rsatishga urinishda ayblagan.

Qo‘shma Shtatlar rasmiylariga ko‘ra, Kreml joriy yil 5 noyabrdagi prezident saylovida Ukrainaga moliyaviy ko‘makni to‘xtatish tarafdori bo‘lgan Tramp g‘alaba qozonishini istaydi. Dezinformatsiya kampaniyasi ham shu maqsadga yo‘naltirilgan.

Darvoqe, respublikachilar nomzodi Tramp Viskonsindagi uchrashuvda AQSh adliya idorasining Rossiya Qo‘shma Shtatlar prezidentlik sayloviga aralashayotgani haqidagi ayblovini shubha ostiga olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring