Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«To‘xtang! Bir narsani unutmang: O‘zbekistonda muammo yo‘q!»

«To‘xtang! Bir narsani unutmang: O‘zbekistonda muammo yo‘q!»

Ancha yillar oldin, bakalavrni bitirgandan keyingi ilk yillarda boshim aylanib «Milliy tiklanish» partiyasiga ish qidirib borib qolgandim, — deb yozadi jurnalist va filolog Eldar Asanov o‘zining telegramdagi kanalida. — Bir kunlik amaliyotdan so‘ng meni markaziy kengashdagi qandaydir bir amaldor oldiga olib kirishgandi. Ko‘rinishidan ancha yosh erkak o‘n daqiqacha men bilan suhbatlashib, partiyaga munosabatimga, ish faoliyatimda oldimga qanaqa maqsadlarni qo‘yishimga qiziqqandi. «Yorvoraman, vatanimga xizmat qilaman» qabilidagi balandparvoz maqsadlarni sanash asnosida «O‘zbekistondagi muammolarni o‘rganib, yechimlarni qidiraman» deganimda ismi esimda qolmagan partiya amaldori darhol gapimni bo‘lgandi:

— To‘xtang! Bir narsani unutmang: O‘zbekistonda muammo yo‘q!

Ana o‘sha suhbatdan so‘ng O‘zbekistondagi partiyalar haqida ma’lum tasavvur shakllanib qolgan menda. Bu tasavvurim keyinchalik ko‘plab guvohliklar asosida mustahkamlandi.

Do‘stim Rafael Sattorov «Hook Report» nashri uchun bir maqola tayyorlapti. Mening tasavvurim va, fikrimcha, ko‘pchilik o‘zbekistonliklarning partiyalar haqidagi tasavvurlari aks etgan yaxshi maqola bo‘pti. Yaxshi muallifning ishi o‘zi shu: hayotda ko‘rib turgan narsalarimizni chiroyli qilib tasvirlab berish, toki o‘quvchi «iye, haqiqatan shunday!» deb yuborsin. Yaxshi muallif doim ham yangi bilim bermaydi, balki o‘quvchidagi bilimlarni tasdiqlab, mustahkamlab beradi.

Xullas, maqolaning qisqacha mazmunini keltiraman.

Partiyalar butun dunyoda fuqarolarni ma’lum g‘oyalar atrofida birlashtirish, so‘ng bu g‘oyalarni siyosiy maydonga olib kirish, bir guruh fuqarolarning irodasini siyosiy qarorlarga aylantirish ustida ishlaydi. Bizda esa partiya sovet davridan qolgan an’ana bo‘yicha davlat byurokratiyasining bir bo‘lagi sifatida qabul qilinadi. Farq shundaki, ilgari bitta partiya bo‘lgan, hozir to‘rtta partiya bor.

Nafaqat odamlar partiyalarga byurokratik idoralar sifatida qaraydi. Partiya amaldorlari, deputatlar ham o‘zlarini byurokrat deb biladi va faoliyatlarida, yig‘ilish va uchrashuvlarda o‘zlarini davlat ishchilariday tutadi.

«Yovuzlik imperiyasi» parchalanib ketganidan so‘ng sobiq sovet respublikalarida turli tizimlar shakllandi. Jumladan, Qozog‘iston yoki Rossiyada ham avtoritar tuzumlar saqlangani bilan, ularning O‘zbekistondan bir farqi bor: hokimiyat faqat bitta partiyani o‘z kuch markaziga aylantirgan, saylov chog‘ida o‘sha partiya vakillari parlamentda ko‘pchilik ovoz olishi uchun bor kuchlarini safarbar etadi. Qozog‘istonda bu «Nur otan» partiyasi, Rossiyada esa «Yedinaya Rossiya» («YedRo»).

O‘zbekistonda esa partiyalar hech qanday rol o‘ynamaydi. Partiyalar tussiz, bir-biriga o‘xshash byurokratik idoralar bo‘lib qolgan. Ularning asosiy vazifasi – siyosiy hayot bor degan tasavvur uyg‘otib turish. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, bugun barcha partiyalar tarqatib yuborilsa, hayotimizda biror narsa o‘zgarishi tugul, o‘zbekistonliklar buni payqamay qoladi hatto.

Shunday ekan, na hukumat partiyalarga siyosiy kuch markazi sifatida qaraydi, na odamlar partiyalarga katta umid bog‘laydi. Bizda hatto saylovda qalloblik qilishga ham hojat yo‘q: odamlar deputatlarni odatda tanimaydi ham, ularga o‘z umidlarini bog‘lamaydi va, asosiysi, kim saylanishidan qat’i nazar, bu na parlament faoliyatini, na siyosiy hayotni o‘zgartiradi. Tan olish kerak, xalq bilan ishlaydigan va fidoyi alohida deputatlar bor, lekin ular ham ideologik ish olib bormaydi, siyosiy kon’yunkturaga aralashmaydi, balki xavfsiz ijtimoiy va iqtisodiy masalalarda tashabbuslar qilib turadi. Bunda ularning partiyaviy mansubiyati emas, shaxsi asosiy o‘rin tutadi.

Mana shu sabab tufayli hokimiyat biror partiyaga g‘alabani olib berishga emas, odamlarni saylov uchastkalariga chiqarishga, chinakam saylov manzarasini yaratishga bor kuchlarini safarbar etadi. Navbatdagi parlament saylovi vaziyatni o‘zgartiradimi? Muallif bunga ishonmaydi. Lekin chiqmagan jondan umid deb qo‘yishdan boshqa choramiz yo‘q.

Xullas, (maqolani) o‘qishni tavsiya qilaman, deya postini tugatgan Eldar Asanov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring