Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentlik fuqaro itlarni go‘sht uchun so‘yishda ayblandi

Toshkentlik fuqaro itlarni go‘sht uchun so‘yishda ayblandi

Foto: «Mehr va Oqibat» jamiyati

Toshkentdagi mahallalardan birining aholisi go‘sht uchun itlarni so‘ygan kishi haqida «Mehr va oqibat» tashkilotiga murojaat qilishdi.

Qayd etilishicha, 6-oktyabr kuni «Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyatiga Toshkentning Yashnobod tumanidagi «Tong» mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi. Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mahalla fuqarolaridan biri o‘zining xonadoni hovlisida itlarni go‘sht uchun so‘ygan.

Ma’lum qilinishicha, 5-oktyabr kuni ushbu joyda ikkita itni ko‘rishgan, 6-oktyabr kuni ular g‘oyib bo‘lgan.

Bir hafta oldin it so‘yishda gumonlangan shaxs qo‘shnilariga tegishli ikkita itni aldab ushlab, ularni shu yerga bog‘lab qo‘yadi. Biroq, buni ko‘rgan mahalla bolalari shovqin ko‘tarishgach, erkak ularni qo‘yib yuborishga majbur bo‘ladi.

7-oktyabr kuni hayvonlarni himoya qilish jamiyati vakillari ariza beruvchilar, uchastka inspektori va mahalla raisi bilan birgalikda hududni ko‘zdan kechirishgan. Hovlida katta qozonli oshxona bo‘lgan.

Xonadon egasining so‘zlariga ko‘ra, u hech qachon itlarni tutmagan va so‘ymagan, balki osh pishirish uchun ushbu qozondan foydalanadi. Shuningdek, u tunda kimdir eshikni buzib, ikkita itni o‘g‘irlab ketganini aytgan.

«Afsuski, itlarning o‘ldirilgani bo‘yicha aniq guvohlarning ko‘rsatmalari bo‘lmasa profilaktika inspektori ish materiallarini sudga taqdim eta olmaydi», deyiladi tashkilot bayonotida.

Qayd etilishicha, guvohlar surishtirilmoqda. Xonadon egasi esa endi itlarni hovlisiga olib kelmaslikka so‘z bergan. U bu holat kuzatilsa, javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring