Toshkentdagi kanallar bo‘yida Wi-Fi hudud, kitob-kafelar tashkil etiladi (foto)
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Hayot Inog‘omov poytaxtimizdagi kanallar atrofini obod saqlash, bu yerlarda odamlar dam oladigan, bolalar cho‘miladigan so‘lim va xavfsiz hududlar tashkil etish bo‘yicha prezident ko‘rsatmasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
«Toshkent shahri kanallari uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolib, ekologik holati achinarli bo‘lib qolgan edi. Kanallar atrofi o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilib, noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan, bu turli noqulayliklarni yuzaga keltirgandi. Prezidentimiz topshirig‘i bilan 2018-yilda shahar kanallari tozalanib, atrofi obodonlashtirila boshlandi. Bu jarayon bugun ham davom etmoqda», — deydi Hayot Inog‘omov.
Uning qayd etishicha, Prezident farmoniga asosan Toshkent shahridan o‘tadigan kanallardan foydalanish va boshqarish hamda ularga tutash hududlarni obodonlashtirish tizimi yaratildi. Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi tashkil etildi.
Boshqarmaning asosiy vazifalari kanallar va ulardagi inshootlarni saqlash bo‘yicha yagona texnik siyosatni olib borish, ularning sanitar holati va ishonchliligini ta’minlashdan iborat. Endilikda kanallarni sanitar tozalashga alohida e’tibor qaratilmoqda, ularga tutash hududlar obodonlashtirilmoqda. Bundan tashqari, kanallarning shahardan o‘tadigan qismlarini rekonstruksiya qilish, qirg‘oq bo‘ylarida zamonaviy landshaft me’morchiligi usullarini qo‘llagan holda rekreatsion hududlarni shakllantirish, maxsus texnika va asbob-uskunalardan foydalanish samaradorligini oshirish kabilar amalga oshiriladi.
Bir vaqtlar Toshkent shahrida 129 kanal bo‘lgan. Bugunga kelib ishchi holatdagi 92 kanal mavjud. O‘tgan yili ana shu kanallarning muhofaza hududidagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish maqsadida «Toza kanal» kampaniyasi tadbirlari yo‘lga qo‘yildi. Tashkil etilgan 44 ishchi guruh tomonidan magistral kanallarning qirg‘oqbo‘yi mintaqalarida aniqlangan 1 ming 330 dan ortiq noqonuniy qurilma bartaraf etilib, kanallarning sanitar holatini yaxshilashga erishildi.
Boshqarma tomonidan 2019-yilda ham Toshkent shahridagi kanallarni tozalash, qirg‘oqlarini betonlash, favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettiriladi.
Kanallarning qirg‘oqlariga 20 kilometrdan ortiq uzunlikdagi muhofaza panjaralari o‘rnatiladi. Ayrim kanallar va kollektorlardagi suv toshqini bilan bog‘liq favqulodda holatlar yuz berishi mumkin bo‘lgan hududlar bartaraf etiladi. 250 kilometrdan ortiq kanallar o‘zani tozalanadi.
Eksperiment tariqasida shu yil bahor mavsumida Bo‘zsuv kanali o‘zanida motorli qayiqlarda sayr qilish xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, magistral kanallarga tutash hududlar ham obodonlashtiriladi, dam olish maskanlari barpo etiladi. Jumladan, 137 kilometrlik magistral kanallarning 22 kilometrdan ortiq bo‘lgan tutash hududlarida sayilgohlar tashkil etiladi.
Bu sayilgohlarda shahar aholisining dam olishi, hordiq chiqarishi, yugurish va velosport bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratiladi. Mavjud imkoniyatlar va suvning tarkibi tahlil qilinib, cho‘milish havzalari tashkil etiladi. Kanal bo‘ylariga energiya tejovchi yoritgichlar, Wi-Fi hududlar, kitob-kafe, shaxmat-shashka o‘ynash va rasm chizish uchun alleyalar tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter