Toshkentda yosh qizlar yo‘qolayotgani bo‘yicha xabarlar izohlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda qizlar yo‘qola boshlagani haqida xabarlar tarqalmoqda.
IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovga ko‘ra, Telegram’da tarqalgan qizlarning g‘oyib bo‘layotgani haqidagi xabarlar go‘yoki bu voqealar bir-biri bilan uzviy bog‘liqdek tasavvur uyg‘otsada, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Buni qizlarning turli kunlarda, turli joylarda g‘oyib bo‘lgani ham tasdiqlaydi, deyiladi OAV ma’lumotida.
«Balog‘at yoshiga qadam qo‘yayotgan o‘smirlarda uydagilari bilan chiqishmay qolish yoki oilasidagilarga jahl qilib buva-buvisinikiga, dugonasinikiga yoki boshqa qarindoshlarinikiga ketib qolish tez-tez kuzatilib turadi. Bu bilan bunday xabarlarga loqaydmiz demoqchi emasman. Bu kabi xabarlar tarqalishi bilan nazoratga olinadi va tegishli xizmatlar yordamida surishtiruvlar o‘tkaziladi. Hozircha qizlarning yo‘qolgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarning birortasi tasdig‘ini topgani yo‘q. Chunki ularning hammasi yo‘qolgani haqida 102 ga ariza kelib tushgan kuni yo ertasiga tezkor xodimlar tomonidan topilgan», —deydi Shoxruh G‘iyosov.
G‘iyosovning aytishicha, kimlardir turli vaqtlarda yo‘qolgan qizlar haqidagi xabarlarni turli joylardan olib umumlashtirgan va voqelikka vahimali tus berishga, bu orqali aholi orasida sarosima tarqatishga uringan.
Eslatib o‘tamiz, bir necha hafta avval Yangihayot tumanida 12 yashar qizcha bedarak yo‘qolgan va keyinchalik uning jasadi topilgandi. Uni zo‘rlashda ayblangan shaxs qamoqqa olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter