Toshkentda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilindi

Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumining 2025 yilgi dasturida «Markaziy Osiyo va undan tashqarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun investorlarni maqsadli yo‘naltirish va faol investitsiyalarni jalb qilish strategiyalari» mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida mintaqa davlatlari sarmoyaga passiv yondashuvdan kapital jalb etishning faol va strategik modeliga o‘tayotgani alohida ta’kidlandi.
BMT ESCAPning TXI dasturlari rahbari Xeder Teylor-Strauss moderatorlik qilgan sessiyada raqamli texnologiyalar, tahlillarga asoslangan yondashuvlar va investor real ehtiyojlariga moslashtirilgan strategiyalar orqali yuqori sifatli TXI (to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar)ni jalb qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilindi. Mintaqaviy hamkorlikning natijadorlikka qanday ta’sir ko‘rsatayotgani va «ma’lumotga asoslangan» yondashuvlar investitsiya landshaftini qanday o‘zgartirayotgani yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu jarayonlar samaradorligini oshirishda mintaqaviy hamkorlikning o‘rni, shuningdek, ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlar investitsiyaviy landshaftni qanday o‘zgartirayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Mansurjon Rasulev 2016-2017 yillarda klassik vositalardan foydalangan holda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirishdan avval jamoa muhim qadamdan – «Asosiy muammo nimada, O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarning kirib kelishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy jihat nima?» degan savol bilan boshlagani haqida gapirib berdi. O‘sha paytda bu to‘siq valyuta ayriboshlashdagi cheklov edi.
Ishtirokchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini ko‘paytirish uchun mamlakatlar qo‘llayotgan vositalar va yondashuvlarni batafsil muhokama qilib, investorlar bilan bevosita hamkorlik qilish, shaffof axborot muhitini ta’minlash va barqaror strategiyalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.
SavvY kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Mariam Koyavaning ta’kidlashicha, mamlakatlar hozirgina kelib, uy qurib, pulni olib chiqib ketayotganlarni emas, balki qo‘shimcha qiymat yaratadigan investorlarni jalb qilishga intilmoqda. Bugungi kunda yaratilgan qiymat imkon qadar mamlakatda qolishi maqsad qilingan.
- Agar investorlar bugungi kunda yangi mamlakatlarda nimani qidirayotganiga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, unda, albatta, hamma narsa siyosiy barqarorlik va investitsiya xavfsizligi kafolatlaridan boshlanadi. Bu haqda hamma gapiradi, shuning uchun chuqurlashib o‘tirmoqchi emasman. Ammo uchta qo‘shimcha, muhim jihat bor. Birinchisi - mamlakat ichida yuqori sifatli ma’lumotlarning mavjudligi. Agar investor jiddiy qiziqadigan bo‘lsa, u qiladigan birinchi narsa bozorni tadqiq qilish yoki texnik-iqtisodiy asoslash bo‘ladi. Ikkinchisi - ishchi kuchi. Bugungi kunda muayyan sohalarda kadrlarning haqiqiy imkoniyatlarini tushunish juda muhim. Shuni ham ta’kidlash kerakki, butun dunyodagi muvaffaqiyatli investitsiya agentliklari iste’dodlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus dasturlarni taklif qilishadi. Uchinchi jihat - raqobatbardosh narxlarda uzoq muddatli moliyaviy resurslar, ham qarz, ham kapitalning mavjudligi. Nima uchun bu muhim? Chunki bugungi kunda barcha investorlar o‘z kapitalidan maksimal foyda olishga intilishadi va bunga faqat to‘g‘ri moliyaviy yechim bilan erishish mumkin, - deya qo‘shimcha qildi Mariam Koyava.
«Tajinvest» direktori Dilshod Jo‘razoda Markaziy Osiyo butun dunyo uchun yangi investitsiya yo‘nalishi ekanligini ta’kidladi.
- Gap faqat Qozog‘iston, O‘zbekiston yoki Tojikiston haqida ketayotgani yo‘q – Markaziy Osiyo haqida. Bu 80 million aholiga ega yangi va jozibali mintaqa. Shunday ekan, gap raqobat haqida emas, balki integratsiya haqida ketyapti, - dedi Dilshod Jo‘razoda.
«Kazakh Invest» kompaniyasi boshqaruvi raisi Yerjan Yelekeyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi kabi platformalar o‘zaro fikr almashish, ishonchni mustahkamlash va Markaziy Osiyoni yagona investitsiyaviy makon sifatida ilgari surishda yordam berishini ta’kidladi.
- Biz aniq bir savolga javob berish uchun tadqiqot boshlashga qaror qildik: hozir Markaziy Osiyo investitsiya kiritishga arziydimi? Markaziy Osiyo davlatlari boshqa mintaqalarga nisbatan qanchalik raqobatbardosh? Shaxsan o‘zim ushbu tadqiqotni boshida turganman, lekin u hali chop etilmagan. Raqamlarga qo‘shimcha ravishda aytadigan bo‘lsam, men butun dunyo bo‘yicha juda ko‘plab investorlar bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim va natijalar juda qiziqarli bo‘ldi. Biz mintaqadagi mamlakatlarni bir-biri bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirmaymiz – ammo ambitsiya darajasi, yetuklik, iqtisodiy barqarorlik va institutsional rivojlanish darajasi hammada har xil ekanini yaxshi tushunamiz. Agar butun mintaqaga investitsiya kiritishga imkoniyat bo‘lganida, nima uchun bitta mamlakat haqida o‘ylash kerak? U holda investitsiyalarni aynan qayerga joylashtirish kerak? Raqamlar bo‘yicha butun mintaqa aholisi Turkiya bilan, YaIM bilan Malayziya, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va savdo bo‘yicha Tailand bilan solishtirish mumkin, - deydi The Boston Consulting Group hamkori va direktori Konstantin Polunin.
StoneX’ning Rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha katta tahlilchisi Xuan Pablo mintaqaning bugungi kundagi ko‘rinishini tasvirlab berdi: iqtisodiy o‘sish - yuqori va ishonchli. Tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlar yuqori pul o‘tkazmalari va tovar bozorlaridagi qulay sharoitlardan foyda ko‘radi. Davlat qarzi jozibador zonada - qarz olish chegarasi yo‘q, qarz darajasi past va valyuta zaxiralari yuqori. Mintaqaning fundamental ko‘rsatkichlari juda yaxshi.
- Ammo biz o‘zimizga savol berishimiz kerak bo‘lgan asosiy savol: mintaqa boshqa hududlarni qanday qilib yutib chiqishi mumkin? Hozir dunyoda raqobat kuchli. Maslahatim esa ikkita narsaga e’tibor qaratishdir: institutsional kuch va shaffoflik, – deya qo‘shimcha qildi Xuan Pablo.
Sessiya Markaziy Osiyo davlatlarining jahon investitsiya bozorida raqobatbardoshligini kuchaytirishga intilishi va xorijiy hamkorlar uchun shaffof, oldindan aytib bo‘ladigan va samarali muhit yaratishga tayyorligini tasdiqladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter