Toshkentda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining 3-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi

11-iyun kuni Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Mirziyoyev raisligida o‘tgan tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, dunyoning bir qator yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Kengashning asosiy vazifalari muvaffaqiyatli tajriba va jahon amaliyotidan kelib chiqqan holda mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat berish hamda O‘zbekiston Hukumati bilan xorijiy investorlar o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlashdan iborat.
Davlat rahbari majlisni ochar ekan, kuni kecha o‘tgan to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumining samarali natijalarini qayd etdi hamda kengash a’zolariga Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi va ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kengashning avvalgi yig‘ilishlari natijador bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlashning mutlaqo yangi formatiga o‘tildi, samarali hamkorlik tizimi joriy etildi, o‘zaro manfaatli sheriklik tarmoqlari kengaydi.
Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord miqdorda - qariyb 1 milliard dollar investitsiya kiritdi. Mamlakatimiz bankning mintaqadagi eng yirik hamkoriga aylandi.
Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlarining xususiy sektor bilan hamkorligi sezilarli darajada kuchaydi. Xususiy kompaniya va banklar bilan qo‘shma loyihalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi.
Bu galgi majlisda ishtirok etayotgan kompaniyalar «yashil» energetika, chiqindilarni qayta ishlash, elektr energiyasini saqlash, «yashil» vodorod ishlab chiqarish va boshqa sohalarda yangi loyihalarni boshladi.
Xususan, «ACWA Power», «Masdar», «Linde», «Shanghai Renewable Energy» va «Total Energies» kompaniyalari 8 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritib, «yashil» iqtisodiyot rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar sohasiga jahonga mashhur nufuzli kompaniyalar ham faol kirib kelmoqda. «DataVolt» kompaniyasi mintaqadagi eng yirik «yashil» ma’lumotlar markazini barpo etish, «Veon» esa sun’iy intellektga asoslangan mobil superilovani yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.
- Buni xorijiy investorlarning islohotlarimiz va ochiqlik siyosatimizga bo‘lgan yuksak ishonchi ifodasi, deb bilaman, - dedi Prezident.
Kengashga a’zo Xalqaro moliya korporatsiyasi, «Ernst&Young», «Dentons», «Knauf» va «TBC» kompaniyalari tomonidan milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Ularning yangi tashabbus va g‘oyalari 10 dan ortiq qonun, farmon va qarorlarda o‘z ifodasini topdi.
Davlat rahbari biznes uchun bazaviy soliq stavkalari 2028 yilgacha o‘zgarmasligini ma’lum qildi.
Umuman, investitsiya muhiti yaxshilangani natijasida so‘nggi 2 yilda yurtimizda xorijiy kapital ishtirokida 5,5 mingta yangi korxona tashkil etilib, ularning soni 16 mingtaga yetdi.
Qayd etilganidek, bugungi uchrashuvga tayyorgarlik doirasida xorijiy hamkorlarning 40 dan ortiq tashabbuslari saralab olindi. Xususan, investorlar tomonidan soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar sonini ko‘paytirish, infratuzilma loyihalarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Joriy yilda yo‘l qurilishi, transport, energetika, suv ta’minoti, irrigatsiya va boshqa sohalarda qariyb 4,5 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari boshlangan. Moliyaviy hisobotning, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Kelib tushgan takliflar asosida garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlar tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq ma’murchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Kengash Kotibiyatining mustaqilligini oshirish va uni alohida yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etish taklif etildi.
So‘zga chiqqan kengash a’zolari Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar dasturi natijalarini yuqori baholadi. Davlat rahbariga investitsiyaviy faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga qat’iy intilishi uchun minnatdorlik bildirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter