Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda ona va bola firibgarni «samosud» qilib, omborga qamab qo‘ydi

Toshkentda ona va bola firibgarni «samosud» qilib, omborga qamab qo‘ydi

Toshkent shahar Mirobod tumanida ona va bola 39 yoshli erkakni «samosud» qilib, qo‘llarini bog‘lagan holda omborga qamab qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB ma’lumot qildi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxs xonadon egalariga bundan 2 yil ilgari Respublika kadastr agentligida ishlovchi tanishi orqali ularning uyiga kadastr hujjatlarini to‘g‘rilab berishini aytib, 1000 dollar olgan. Ammo u shu kungacha hujjatlarni ham qilib bermagan, pulni ham qaytarmagan.

Ushbu erkakdan pullarni qaytarib olish maqsadida ona va o‘g‘il uni uyga chaqirgan hamda chap yelkasiga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Ayol uni temir armatura bilan ham urgan. Shundan so‘ng ona va o‘g‘il erkakni uy yerto‘lasiga olib tushib, oyoq-qo‘llarini skotch va sim yordamida bog‘lab tashlagan. Jabrlanuvchining aytishicha, u bir kecha shu holatda qoldirgan.

Ona va o‘g‘il erkak pullarni qaytarsagina uni qo‘yib yuborishlarini aytishgan. Shundan so‘ng uy egalari uni turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qildirishgan. Jabrlanuvchining rafiqasi 300 dollar va 700 dollarga teng bir juft tilla zirak hamda bir dona tilla uzukni olib kelib bergach, erkak qo‘yib yuborilgan.

Erkak oradan 18 kun o‘tgach bu voqea haqida ichki ishlar organlariga xabar bergan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi hamda 138-moddasining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Erkakning xatti-harakatlarida ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi hamda 211-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari borligi aniqlanib, unga nisbatan ayblov e’lon qilingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ayblov xulosasi tasdiqlanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudiga yuborilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring