Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda mudhish jinoyatga qo‘l urgan xavfli retsidevistlar umrbod qamaldi

Toshkentda mudhish jinoyatga qo‘l urgan xavfli retsidevistlar umrbod qamaldi

Videodan lavha

Shu yilning 27-fevral soat 03:51 da Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan «Shovotlandiya» kafesida yong‘in sodir bo‘lib, 5 kishi halok bo‘lgandi.

Yong‘in oqibatida 1999-yilda tug‘ilgan M.B. (ayol), 1998-yilda tug‘ilgan J.J. (erkak), 1998-yilda tug‘ilgan X.X. (erkak), 1996-yilda tug‘ilgan Sh.A. (ayol) va 1961-yilda tug‘ilgan B.A. (ayol) voqea joyida qurbon bo‘lishgandi.

Tezkor tergov harakatlari natijasida yong‘in qasddan sodir etilgani, kafeni qasddan yoqib yuborgan shaxs bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otib, yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng voqea joyidan yashiringani aniqlangan. Hodisadan bir kun o‘tar-o‘tmas, gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olingan.

Kuni kecha ushbu holat yuzasidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi. «Zamon» informatsion dasturi sud jarayonidan maxsus reportaj tayyorladi.

Qayd etilishicha, «avtoritet» degan nom chiqargan 36 yoshli sudlanuvchi muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun jazo o‘tayotganda 26 yoshli sudlanuvchi bilan tanishib qolgan. 26 yoshli sudlanuvchi qamoqda unga «boss» deb bo‘ysungan.

26 yoshli sudlanuvchi qamoqdan chiqqach, 36 yoshli rahnamosi uni o‘zi ishlab kelayotgan Zangiota tumani «Eshonguzar» qo‘rg‘onidagi choyxonaga ishga oladi. Yosh yigitni tobe qilib olgach, unga turli jinoiy topshiriqlarini bajartirib kelgan.

Kunlarning birida «Shovotlandiya» kafesi egasi 36 yoshli sudlanuvchidan yordam so‘rab, bir shaxs uning qarindoshidan pulini bo‘lib-bo‘lib berish sharti bilan 5 dona «Iphone 11 Pro» rusumli telefonni olib, muayyan miqdordagi pullarni to‘lagani va qolgan 4000 dollarni bermay yurganini aytadi. Jinoyatchi o‘z xizmati evaziga kafe egasidan 1500 dollarlik «Iphone» olib berishini talab qiladi.

Kafe egasi «avtoritet»ning taklifini rad etgach, ular orasida kelishmovchilik yuzaga keladi. «Avtoritet» ko‘cha olamida o‘z obro‘si to‘kilganini, bunga munosib tarzda javob qaytarmasa kelgusida uni hech kim mensimay qo‘yadi deb hisoblab ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat etadigan sherigiga qaltis jinoyat rejasini yuklaydi. «Shovotlandiya» egasi ofisida tunab qolgan vaqtda kafega o‘t qo‘yishni buyuradi.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida «Shovotlandiya» kafesining 644 mln 799 ming 538 so‘mlik binosi hamda undagi 420,4 mln so‘mlik oshxona jihozlari to‘liq yongan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 va 25 yoshli ikki nafar qiz is gazidan zaharlanib, tananing 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan.

21 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi raisi Zafar Bobonov tomonidan sud hukmi o‘qildi.

Sud qarori bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli fuqaro Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining «a, v, d, j, p» bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining «b, v» bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining «a, v, d, j, p» bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining «b, v» bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, unga JIB Yakkasaroy tuman sudining 2014 yil 11 iyuldagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan muddati qo‘shilib, yengilroq jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring