Toshkentda «maski shou» o‘tkazilgani haqidagi xabarlarga rasmiy izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda joylashgan to‘lov kompaniyalardan biriga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kirgani va kompaniyaning bir nechta xodimlarini hibsga olgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida fuqarolarning plastik kartalaridan 12 milliard so‘m miqdoridagi pullarning o‘g‘irlanganligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi («O‘g‘irlik») bilan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.
«Jinoyatni to‘liq fosh qilish va jinoyat uchun jazo muqarrarligi prinsipini ta’minlash, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni qoplatish choralarini ko‘rish maqsadida bir qator tergov-tezkor harakatlar olib borilmoqda. Tergov jarayonida plastik kartalardagi pullar turli to‘lov tizimlari orqali xorijiy davlatlarga chiqib ketganligi aniqlangan.
Mazkur jinoyat ishi doirasida poytaxtdagi to‘lov tizimi kompaniyalaridan birida tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida hech kim hibsga olinmagan, kompaniya mas’ul xodimlaridan holat yuzasidan tushuntirish olingan.
Jinoyat ishi yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter