Toshkentda katta jarimaga tushgan yigit «radar»dan o‘ch olishga urindi
2021-yil 23-aprel kuni Yakkasaroy tumani Kichik Beshyog‘och va Bobur ko‘chalari kesishmasida Toshkent shahar IIBB xodimlari «Spark» (davlat raqami 01 R 114 QA) avtomobilida tezlik tartibini avtomatlashtiriligan tarzda qayd etuvchi moslama o‘rnatilgan ustun oldiga kelib to‘xtagan yigitlarning radarga tosh otayotganlarini ko‘rib qolishdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.
Mazkur fuqarolar avtomobillari bilan Yakkasaroy tumani IIO FMBga yetkazilgan. Huquqbuzarlar 22 yoshli J.M. (yuqoridagi avtomobil haydovchisi), 23 yoshli Sh.M. va 23 yoshli A.Sh. ekanligi aniqlangan.
Suhbat davomida ma’lum bo‘lishicha, hodisadan bir oz avvalroq J.M. tomonidan 2021 yil 17 aprel kuni sodir etilgan qoidabuzarlik sababli avtomobil egasiga tezlik tartibi buzilgani uchun 1.225.000 so‘mlik jarima kelgan. Qilmishi uchun tegishli mas’uliyatni bo‘yniga olmagan fuqaro o‘rtoqlari bilan birga radardan «alamlarini olishga» qaror qilishgan.
Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183 moddasi («Mayda bezorilik») bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Jazo to‘g‘risidagi hukm sud tomonidan chiqariladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter