Toshkentda ingliz huquqi bo‘yicha muhim konferensiya o‘tkazilmoqda
17—18-oktyabr kunlari Toshkent shahrida yuristlar, vazirliklar va idoralar mutaxassislari, ingliz huquqi sohasidagi milliy va xorijiy ekspertlari jam bo‘lmoqda. Poytaxtimizda «English Law Day in Tashkent» («Toshkentda ingliz huquqi») xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Forum O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Prezidentimizning «Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, O‘zbekistonda ingliz huquqini joriy etishning dolzarb jihatlarini muhokama qilish, ingliz huquqi sohasida faoliyat yurituvchi xorijiy yuristlar bilan tajriba va fikr almashishdan iborat.
Birinchi kun «English Law Day in Tashkent» mavzusidagi xalqaro konferensiya formatda bo‘lib o‘tadi. Unda ingliz huquqidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xususan, ingliz huquqini xalqaro arbitraj bilan qo‘shilishi va singdirilishi bo‘yicha ish yuritishda qo‘llash masalalari muhokama qilindi. Tadbir Angliya va Uels yuristlar jamiyati (The Law Society of England and Wales) va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Ikkinchi kun O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan «O‘zbekistonda ingliz huquqi normalarini joriy etish istiqbollari» mavzuidagi xalqaro konferensiya formatida o‘tkaziladi. Anjuman ishtirokchilari kontinental huquqqa ega mamlakatlarda ingliz huquqini joriy etishning dolzarb masalalari, xususan bu sohada xorijiy mamlakatlar tajribasi va O‘zbekiston istiqbollarini muhokama qiladilar.
Ishtirokchilarni o‘z hududlarida ingliz huquqidan foydalanuvchi mamlakatlar tajribasi bilan tanishtirish maqsadida Adliya Lordi Piter Gross, «Astana» xalqaro moliya markazi (AXMM) boshqaruvi maslahatchisi Igor Rogov, AXMM Sudi apparatining registratori va rahbari Kristofer Kempbell-Xolt, «Norton Rose Fulbright» xalqaro yuridik firmasining katta yuristi Saymon Kox kabi ekspertlar va huquqshunoslar hamda Buyuk Britaniya yuridik doira vakillari jalb qilingan.
Ma’lumot uchun: Qozog‘iston, XXR, BAA, Singapur va boshqa mamlakatlarda ingliz huquqidan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning iyun oyida Adliya vazirligi delegatsiyasi Qozog‘istonga tashrifi doirasida «Astana» xalqaro moliya markazining ingliz huquqini tadbiq etishga doir tajribasini o‘rgandi. Tashrif yakuni bo‘yicha ushbu tizimni «Navoiy» EIZ hududida joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Bundan tashqari, adliya vaziri R. Davletovning 2019-yil 25—28-iyun kunlari London shahriga tashrifi doirasida ham Buyuk Britaniyaning tegishli tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar tashkil etilgan edi. Ularda O‘zbekiston rahbarining respublikamiz hududida ingliz huquqini joriy etishga doir tashabbusi muhokama qilingan edi.
Britaniya vakillari mazkur masalani o‘rganishda ekspert yordamini ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirgan. O‘zbekistonda ingliz huquqini joriy etish istiqbollarini muhokama qilish bo‘yicha konferensiya tashkil etishga kelishib olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter