Toshkentda Yevropaning sara filmlari namoyish etiladi
Joriy yil 29-noyabrdan 1-dekabrga qadar Toshkentda IX Yevropa kinofestivali bo‘lib o‘tadi.
Alisher Navoiy nomidagi Milliy kino san’ati saroyida (sobiq «Panorama») uch kun davomida nufuzli xalqaro tanlovlarda e’tirof etilgan sara filmlar namoyish etiladi.
Festival uchun Avstriya, Bolgariya, Germaniya, Latviya, Polsha, Sloveniya, Ukraina, Finlyandiya, Irlandiya, Shvetsiya kabi davlatlar kinoustalari suratga olgan kartinalar saralab olingan.
Festival dasturi hujjatli, ilmiy fantastika, komediya va detektiv kabi rang-barang janrdagi filmlarni o‘z ichiga oladi.
Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi ko‘magida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbir YI va O‘zbekiston hamkorligining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.
«Bizning festivalimiz — Yevropa madaniyatiga kinosayohat qilish va katta ekranlarda kamdan-kam namoyish etiladigan noyob filmlarni ko‘rish uchun ajoyib imkoniyatdir», — deya ma’lum qildi YI delegatsiyasi matbuot xizmati.
Ma’lumot o‘rnida: filmlar original tilda subtitrlar bilan namoyish etiladi.
Quyida festival dasturi bilan tanishishingiz mumkin:
29-noyabr
11:00. «Suv parisi yig‘lamaydi» (Avstriya) — drama va satira elementlariga yo‘g‘rilgan zamonaviy ertak.
14:00. «Imadning bolaligi» (Shvetsiya, Iroq, Latviya) — IShID asirligini boshdan kechirgan bola haqida hujjatli hikoya.
19:00. «Jiguli» guruhi haqidagi haqiqatlar» (Bolgariya) — muvaffaqiyat sari ikkinchi imkoniyat, do‘stlik va so‘nmac orzular haqida komediya.
30-noyabr
11:00. «Lyuksemburg, Lyuksemburg» (Ukraina) — otasini qidirib Lyuksemburg sari yo‘l olgan aka-uka haqida ta’sirli hikoya.
14:00. «Lola» (Irlandiya) — kelajakdan radio va teleeshittirishlarni uzata oladigan qurilmani yaratgan opa-singil haqida hujjatli film.
19:00. «Aybsiz aybdor» (Sloveniya) — kechirimlilik va burch tanlovi qarshisida qolgan ayol haqida kartina.
1-dekabr
11:00. «Birinchi qor» (Finlyandiya) — qochqinlik maqomini olish uchun kurashayotgan eronlik oila haqidagi hikoya.
14:00. «Urush — uch ayol nigohida» (Germaniya) — Ikkinchi jahon urushida front hodisalarini yoritgan harbiy muxbirlar haqida hujjatli film;
19:00. «Xavfli janoblar» (Polsha) — jinoiy sarguzashtga aralashib qolgan to‘rt kishi haqida hajviy kartina.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter