Putin AQSh va Yevropani keskin ogohlantirdi
Prezident Vladimir Putin Ukraina tomonidan G‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan qurollar hamda raketalar bilan Rossiya hududiga zarba berilishiga doir muhokamalarga munosabat bildirdi.
U Ukraina harbiylari olis masofaga parvoz qiluvchi raketalarni boshqarish salohiyatiga ega emasligi, bu vazifani NATO davlatlari harbiy xizmatchilari bajarishini aytgan.
«Bu vaziyatda gap Ukraina rejimiga Rossiya bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berish yoki bermaslik haqida ketayotgani yo‘q. Gap NATO mamlakatlari (Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi) harbiy ziddiyatda bevosita qatnashadimi, yo‘qmi – shu haqdadir. Agar shunday qaror qabul qilinsa, bu NATO mamlakatlari – AQSh va Yevropa mamlakatlarining Ukrainadagi urushda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok eta boshlaganini anglatadi», – degan Putin.
Rossiya rahbari yuzaga kelgan tahdidlarga ko‘ra «tegishli qarorlar qabul qilinishi»ni qayd etgan.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Putinning mazkur bayonotiga munosabat bildirar ekan, urushni Rossiya boshlagani, Ukraina esa o‘z-o‘zini mudofaa qilish huquqi ega ekanini urg‘ulagan.
«Biz Rossiya bilan ziddiyatga borishni xohlamaymiz, bu xayolimizga ham kelgani yo‘q. Ammo bu urushni ularning o‘zi boshladi. Ukraina esa o‘z-o‘zini mudofaa qilishga haqli», – degan ingliz hukumati rahbari.
G‘arb davlatlari Rossiya bosqini ortidan Ukrainaga faol ravishda harbiy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Ammo mojaroga NATO davlatlari aralashib qolishi ehtimoli sabab Kiyevga G‘arb raketa va uchoqlari bilan Rossiyaning ichki hududlariga zarba yo‘llashga izn berilmayotgan edi. Zelenskiy esa ko‘pdan buyon g‘arblik hamkorlardan bunga ruxsat berishni so‘rab kelayotir. Endilikda mazkur taqiq bosqichma-bosqich bekor qilinishi kutilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 10 sentyabr kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Oq uy Ukrainaga Rossiyaning ichki hududlari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llashga ruxsat bermoqchi ekanini ma’lum qildi.
AQSh Ukrainaga 300 km ga qadar masofaga uchuvchi ATACMS raketalarini yetkazib bergan. Agar Vashington Kiyevga «yashil chiroq» yoqsa, Ukraina mazkur raketalar bilan Rossiyaning Rostov, Voronej, Belgorod, Kursk, Bryansk, Lipetsk, Kaluga kabi viloyatlaridagi nishonlarga zarba yo‘llashi mumkin. AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisob-kitobiga ko‘ra, Ukraina shu tariqa Rossiyadagi 245 ta harbiy ob’yekt, jumladan, aerodromlarga hujum uyushtirish imkoniga ega bo‘ladi.
11 sentyabr kuni «The Guardian» gazetasi AQSh ortidan Buyuk Britaniya hukumati ham Ukrainaga G‘arb raketalari bilan Rossiyaning ichki hududlari bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berishga shay ekani haqida yozdi. Bu o‘rinda gap 250 km masofaga qadar parvoz qiluvchi Storm Shadow raketalari haqida ketmoqda.
Ukrainaga G‘arb qurollari va raketalari bilan Rossiyaga hujum qilish uchun ruxsat berilishi urushda ma’lum ma’noda burilishi yasashi mumkin. Shunga ko‘ra, 2022 yil 24 fevraldan buyon Ukraina hududida bosqinchilik urushini olib borayotgan Rossiya rahbariyati G‘arbni bunday qaror qabul qilmasligi uchun ochiq-oshkora po‘pisalar bilan ogohlantirib kelmoqda. Jumladan, joriy yil may oyida Vladimir Putin O‘zbekistonga tashrifi yakunida Toshkent aeroportida Rossiya jurnalistlarining shu mazmundagi savoliga javob berar ekan, NATO mamlakatlari, xususan, Yevropaning aholisi zich joylashgan kichik davlatlarini Moskva bilan o‘ynashmaslik borasida ogohlantirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter