Toshkentda yetti bosqinchi qo‘lga olindi (video)
Shu yilning 3 dekabr kuni 7 nafar shaxs Toshkent shahar Yunusobod tumani Otchopar mahallasidagi xonadonlarning biriga bosqinchilik uchun kirishdi.
Qayd etilishicha, bosqinchilar kirgan vaqtda xonadonda bir ayol bo‘lgan. Jinoyatchilar uning oyoq-qo‘li va og‘zini «skotch»da bog‘lab, pichoq bilan tahdid qilgan holda moddiy boyliklari qayerda ekanini so‘rashgan.
Seyf yotoqxonadaligini aniqlashgan va uni o‘zlari bilan olib ketishayotganda, uyga jabrlanuvchining ikki qizi kelib qolgan. Bosqinchilar qizlarni ham qo‘rqitib, zo‘rlik bilan uyga olib kirishadi va ularni ham bog‘lab ketishadi.
Voqea joyidan xonadon egasining qiziga tegishli «Jentra» rusumli avtomobilda qochishadi.
Hodisadan ko‘p o‘tmay, 7 nafar jinoyatchining barchasini aniqlanib, qo‘lga olingan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi «A» bandi (bosqinchilik), 267-moddasi 2-qismi «B» va «V» bandlari (transport vositasining bir guruh shaxslar tomonidan olib qochilishi) bilan ayblov e’lon qilindi hamda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Aniqlanishicha, jinoyatga boshchilik qilgan shaxs bundan bir necha oy avval shu uyda ta’mirlash ishlarini bajargan usta bo‘lib chiqqan.
Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, o‘g‘irlangan pul 15 ming AQSh dollari miqdorida bo‘lgan va ayni paytda yetkazilgan zararning bir qismi qoplangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter