Toshkentda ayolga qo‘pol munosabatda bo‘lgan IIB xodimiga xizmat tekshiruvi tayinlandi

Toshkent shahar IIBB Yashnobod tumanida huquq-tartibot organi xodimlari va garajining buzilishiga qarshi chiqqan fuqaro o‘rtasida yuzaga kelgan mojaroga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 18-avgust kuni Yashnobod tumani IIO FMBga Jarqo‘rg‘on ko‘chasida janjal bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan profilaktika inspektori Z.Baimbetov 1978 yilda tug‘ilgan K.Olga tuman hokimiyati vakillariga qarshilik ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lgan.
Aniqlanishicha, «Jarqo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida «Obod mahalla» dasturi doirasida olib borilayotgan keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida mahallada joylashgan noqonuniy qurilmalar buzilayotgan bo‘lgan.
Shu hududda istiqomat qiluvchi K.Olgaga tegishli bo‘lgan garaj noqonuniy qurilgani sababli olib tashlashi lozimligi haqida tuman hokimiyati tomonidan u bir necha marotaba ogohlantirilgan. Shunga qaramasdan, garajni o‘z ixtiyori bilan olib tashlamagan ayol hokimiyat vakillari tomonidan buzilishiga qarshilik ko‘rsatib, ularni haqorat qilgan va janjal ko‘targan.
Profilaktika inspektori tomonidan janjalni to‘xtatish, jamoat tartibini saqlash, vaziyatni yumshatish va holatni to‘liq o‘rganish maqsadida K.Olgaga tinchlanishi aytilgan va mahalladagi tayanch punktga taklif etilgan. Biroq K.Olga IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmasdan, unga faol qarshilik ko‘rsatgan, atrofdagi fuqarolarni o‘ziga jalb qilish maqsadida baqir-chaqir qilib, to‘polon ko‘targan.
Shundan so‘ng profilaktika inspektori K.Olgaga kuch ishlatib xizmat mashinasiga o‘tqazgan. K.Olgaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi hamda 198-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudiga yuborilgan.
Profilaktika inspektori ayol kishiga qo‘pol munosabatda bo‘lgani bo‘yicha Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter