Toshkentda 16 ta guruh uyma-uy yurib, muammolarni o‘rganadi
![Toshkentda 16 ta guruh uyma-uy yurib, muammolarni o‘rganadi](https://static.xabaruz.com/crop/1/2/720_460_95_1277770997.jpg)
270 nafar kishidan iborat 16 ta guruh poytaxt aholisi muammolarini o‘rganish va uni bartaraf etish uchun uyma-uy yurishni boshladi, deb xabar bermoqda «UzNews.uz».
Ma’lum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 9 fevral hamda 16 mart kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish davomida bergan topshiriqlarida belgilangan vazifalarni bajarilishini ta’minlash maqsadida poytaxtimizda «Muammolar yechimi – harakatlar yakdilligida» guruhlari ish boshlagan.
![](https://static.xabar.uz/uploads/1/720__CBMd3Dg9TOw1VOyONldWm2kaP4EXqXTX.jpg)
Toshkent shahar hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar bosh boshqarmasi, davlat soliq boshqarmasi, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, milliy gvardiya va boshqa davlat idoralarining malakali mutaxassislari hamda jamoat tashkilotlarining 270 nafardan ortiq vakillaridan iborat bo‘lgan ushbu guruhlar bevosita mahallalarda uyma-uy yurishib, xalq bilan manzilli muloqot yuritishadi. Fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etishda ularga har tomonlama ko‘maklashish, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar bandligini ta’minlash, sog‘lig‘ini saqlash, ijtimoiy muhofaza qilishga yo‘naltirilgan choralarni jadal amalga oshirishni ta’minlaydilar.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning 12 may kuni Toshkent shahar hokimiyatidan 16 ta guruh bevosita xonadonlarda oilalarni o‘rganish, uy-joy kommunal va yo‘l xo‘jaligi, energiya, suv ta’minoti, hududlarni obodonlashtirish, ijtimoiy turmush tarzidagi mavjud muammolarni aniqlash hamda hal etish bo‘yicha aniq maqsadli tadbirlarni amalga oshirish uchun poytaxtning Sergeli, Uchtepa, Shayxontohur va Olmazor tumanlaridagi barcha sektorlarga chiqib ketishgan.
Bu tadbirlar poytaxtning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter