Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatining bir qator tuman va shaharlarining chegaralari o‘zgartirildi

Toshkent viloyatining bir qator tuman va shaharlarining chegaralari o‘zgartirildi

Foto: Senat matbuot xizmati

Senat a’zolari Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Bekobod, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani muhokama qildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent viloyatining bir qancha tuman va shaharlari, jumladan, viloyatning Angren va Bekobod shaharlari hamda Qibray va Piskent tumanlari boshqa tuman va shaharlarda joylashgan «anklav» hududlarga ega. Bu holatlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashning samarali tashkil etilishi, aholining ijtimoiy ta’minoti va davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarini amalga oshirishi, voyaga yetmaganlarning ta’lim jarayonini nazorat qilish hamda ularni tuman (shahar) darajasidagi ommaviy tadbirlarga jalb qilish va boshqa jarayonlarda muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Birgina misol, Bekobod tumanida joylashgan Istiqbol mahallasi fuqarolari, Bekobod shahar Yangi hayot mahalla hududida joylashgan maktabda ta’lim olishadi, davolanish uchun Bekobod shahrida joylashgan markaziy shifoxonaga borishadi, shuningdek, barcha kommunal yo‘nalishdagi xizmatlarni shahar tashkilotlari ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Angren shahridagi «Krasnogorsk» qo‘rg‘onida fuqarolariga kommunal xizmat ko‘rsatish, xususan, elektr ta’minoti, ichimlik suvi, gaz ta’minoti hamda bank xizmatlari Parkent tumani tomonidan amalga oshiriladi. «Krasnogorsk» qo‘rg‘oni fuqarolari davolanish uchun ham Parkent tumanida joylashgan markaziy shifoxonaga qatnaydi.

Bu esa, ushbu hududlar aholisi hayotida turli qiyinchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan Toshkent viloyatining yuqorida qayd etilgan tuman va shaharlari chegaralarini o‘zgartirish taklifi ilgari surilmoqda. Jami o‘zgartirilayotgan tuman va shaharlar chegaralarining yer maydoni 17 359,1 gektar bo‘lib, shundan 10 084,8 gektari qishloq xo‘jaligi yerlaridir.

Natijada Toshkent viloyati ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini tartibga solish anklav hududlarni tugatish hamda mahalliy davlat hokimliklari organlari tomonidan hudud boshqaruvini yanada soddalashtirishga, qolaversa, ma’muriy-hududiy birliklarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishiga olib keladi.

Shuningdek, Toshkent viloyati shaharlarini 2021–2030 yillarda rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan hududlarni belgilash, ushbu davrda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi turar-joy massivlarini barpo etish orqali shaharlarning o‘sib borayotgan aholisi ehtiyojlarini qanoatlantirishga xizmat qiladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq chegaralari o‘zgaradigan hududlar ro‘yxati keltirilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring