«Toshkent otchopari»da otlar ochidan o‘lmoqda
Ippodromdagi otlar ozuqa yetishmasligidan nobud bo‘lgan. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan «Toshkent otchopari» aksiyadorlik jamiyatiga tegishli otxonada sodir bo‘lgan voqealar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan batafsil o‘rganilgan.
O‘rganishlar davomida mazkur otxona veterinariya sanitariya ko‘rigidan o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, «Toshkent otchopari» aksiyadorlik jamiyati otxonasining voqea sodir bo‘lgan uchta bo‘lmasi fuqaro Qodir Sodiqovga ijaraga berilgan va u bu yerda 14 bosh ot saqlagan. Otlarga yollanma veterinariya xizmati ko‘rsatilmagan. Yetarli va zaruriy ozuqa jamg‘arilmagan. Noto‘g‘ri oziqlantirish natijasida 2 bosh oti nobud bo‘lgan, qolganlari o‘ta ozg‘in holatga kelib qolgan.
Qayd etilishicha, «Toshkent otchopari» aksiyadorlik jamiyatida Ichki ishlar vazirligining 60 bosh, Milliy gvardiyaning 18 bosh, fuqarolarga tegishli 72 bosh, jami 150 bosh ot saqlanadi.
Mazkur otlar veterinariya xizmati tomonidan kuydirgi kasalligiga qarshi emlangan. Brutsellyoz kasalligiga qon namunalari, gelmintlarga qarshi axlat namunasi olinib, diagnostik tekshirish uchun Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga topshirilgan va diagnostik tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar natijasida otlarda yuqumli va xavfli kasalliklar aniqlanmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter