To‘rtta sektor rahbarlari bo‘shatilgan Uychiga yangi hokim tayinlandi

2018-yil 14-avgust kuni Xalq deputatlari Uychi tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishni Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati Fazliddin Muhiddinov olib bordi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqdi.
2017 yildan Namangan viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Apaqov Muhammadayubxo‘ja Po‘latovich Uychi tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Viloyat hokimining shu haqdagi qarori sessiyada bir ovozdan tasdiqlandi. Muxammadayubxo‘ja Apaqov bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, Uychini viloyatdagi yetakchi tumanlar safiga olib chiqishga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshlarida Uychi tumanida to‘rtta sektor rahbarlari – tuman hokimi Abdug‘ani Turdiyev, tuman prokurori Baxtiyor Abdurahimov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ravshan Yusubjonov va tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Rasuljon Otaxonov egallab turgan vazifalaridan ozod etilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter