To‘rt oyoqli xaloskorlar yoki jonivorlarga oid o‘nta g‘aroyib voqea
Xabaringiz bor, yaqinda internetda mushukni ayovsizlarcha qiynab axlat qutisiga irg‘itgan o‘smirning videosi tarqaldi. Achinarlisi, yigitcha bundan zarracha pushaymon emas, u qiyqirib shodon kuladi. Vaholanki, hayvonlar – tabiat olamidagi yoqimli mavjudot bo‘lib qolmay, gohida inson hayotini asrab qoluvchi xaloskorlardir. Bu borada odamzodning eng yaqin do‘stlari mushuk va itdan tashqari yovvoyi hayvonlar ham muhtoj kishilarga yordam qo‘lini cho‘zadi. Quyida odamlarni xavfli vaziyatlardan qutqargan jonivorlar bilan bog‘iq 10 ta voqea haqida o‘qiysiz...
Behalovat mushukning shumliklari
2007 yilning oktyabrida, tungi soat ikkilarda Trudi va Greg Gay xobgohda uxlashayotgandi. Kutilmaganda ularning Shnautsi laqabli mushugi yugurib kelib divanga chiqdi-da, panjasi bilan bekasining burniga tegib uyg‘ota boshladi. Avvaliga Trudi bu harakatni jonivorning shumligiga yo‘yib uyqu aralash e’tibor bermadi. Mushuk bezovta bo‘lib harakatini to‘xtatmagach, qandaydir jiddiy hodisa ro‘y berganini angladi. Trudi erini uyg‘otdi. Uyni ko‘zdan kechirgan Greg yerto‘lada gaz quvuri yorilgani va inshoot zaharli hidga to‘layotganini aniqladi. Qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qildilar va uyni tezda tark etdilar.
Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chirish xizmatchilari, agar mushuk ularni o‘z vaqtida uyg‘otmaganida uy ko‘kka sovurilishi mumkinligini aytishdi...
Shnautsi Grey-Follz shahri (Montana shtati) hayvonlar jamg‘armasi tomonidan «Binafsharang panja» mukofoti bilan taqdirlandi.
Hujumga shaylangan yirtqich
2010 yilning 2 yanvarida Britaniya Kolumbiyasida (Kanada) istiqomat qiluvchi 11 yoshli Ostin o‘rmonda o‘tin terayotgandi. Uning yonida vafodor va sodiq do‘sti – Farishta laqabli tillarang retriver iti bor edi. O‘sha kecha kuchuk o‘zini qandaydir noodatiy tutdi: jonivor qandaydir notinch edi. Bu behuda emas ekan. It boladan bir necha odim narida hujumga shaylanayotgan puma – Amerika yovvoyi mushugini payqab qoldi. U darhol yirtqichga tashlandi va teng bo‘lmagan jangga kirishdi. Baxtga ko‘ra yaqin o‘rtada politsiyachi yurgan ekan. U retriverni burdalashiga bir bahya qolgan pumani otib tashladi.
– Farishta mening yaxshi do‘stim edi, endi esa yanada qimmatli do‘stimga aylandi, – dedi Ostin itiga katta go‘sht bo‘lagini berib.
Sherlar qurshovidagi qiz
2005 yili Keniyadagi qishloqlardan birida 12 yoshli qizaloq o‘g‘irlab ketildi. Taxminlarga ko‘ra, uni majburan erga bermoqchi bo‘lishgan. Qizaloq bir haftaga yaqin tutqinlikda yashadi.
Eng qizig‘i, politsiya uni topganida yonida o‘g‘rilar emas, balki uchta ulkan sher bor edi.
Aftidan, yirtqich arslonlar o‘lja izlashgan va tasodifan qizaloq bilan o‘g‘rilar to‘dasiga duch kelishgan. Jinoyatchilar bahaybat va och sherlarni ko‘rgach, yig‘layotgan qizni ularga tashlagancha bir zumda g‘oyib bo‘lishgan. Shunga qaramay, sherlar qizaloqqa tegmadi, aksincha, xuddiki u o‘z bolalaridek munosabatda bo‘lishdi.
To‘siq ustidan tushib ketgan bolakay
1996-yilning avgustida Brukfild (Illinoys shtati) hayvonot bog‘ida baxtsiz hodisa yuz berdi. Uch yashar bolakay besh metrli to‘siq ustidan hayvonlarni saqlash maydonchasiga tushib ketdi. U yerda esa Binti Jua laqabli ulkan gorilla bor edi. Qattiq zarb bilan tushgan bola hushini yo‘qotdi.
Ota-onasi va hayvonot bog‘iga tashrif buyurganlar tinchi buzilgan gorillaning harakatini dahshat ichra kuzatardilar, xolos. Bunga qarama-qarshi o‘laroq, Binti Jua bolakayning oldiga xotirjam yaqinlashdi va yengilgina ko‘tarib, boshidagi jarohatni ko‘zdan kechira boshladi. Ko‘p o‘tmay, hayvonot bog‘i xizmatchilari kelishdi va maydonchaga yiqilib tushgan bolakayni hech bir moneliksiz olib, kerakli tibbiy yordam ko‘rsatdilar.
Yurak xurujidan xalos etdi
Vazni yetmish kilogramm bo‘lgan Lulu laqabli cho‘chqa hech bir mubolag‘asiz qahramonlik ko‘rsatgan. U bekasi Jo Enni qo‘qqisdan yuz bergan yurak xurujidan xalos etdi. Lulu ayolning ahvoli yomonlashganini ko‘rgach, atrofi o‘rab olingan hovlidan katta yo‘lga shoshildi. So‘ng kimdir to‘xtashi va Joga yordam berishidan umidvor holda yonboshlab yotib oldi.
Oradan bir soatga yaqin vaqt o‘tdi. Bu fursat ichida jonivor turib goh katta yo‘lga yugurar, goh bekasining ahvolidan xabar olardi. Nihoyat bir mashina to‘xtadi. Uning haydovchisi Lulu ortidan ergashdi va Jo Enga ko‘zi tushgach, tez yordamni chaqirdi.
Qahramonlik va fidokorlik ko‘rsatgani uchun Luluga yog‘da ko‘pchib pishgan kulcha berildi!
Er divanda, ahvoli chatoq
Kembrijda (Angliya) yashovchi Saymon Steggall o‘z uyida og‘ir komaga tushdi. U divanda yotgan holda hushini yo‘qotdi. Xotini e’tibor bermadi, chunki og‘ir ish kunidan so‘ng erini shunchaki dam olyapti, deb o‘ylagan edi. Saymon qimirlamay yotar va rostdan pinakka ketganga o‘xshardi. Uy quyoni bo‘lgan Dori esa ahvol jiddiy ekanligini payqadi. U Saymonning ustiga sakrab chiqib, o‘ziga keltirish uchun panjasi bilan ura boshladi. Jonivorning bu g‘alati harakatiga ko‘zi tushgan Viktoriya eri uxlamaganini tushundi va tez yordam chaqirdi.
Dorining qahramonligidan so‘ng uni uy quyonlarini muhofaza qilish a’zoligi bilan mukofotladilar.
Birgalikda qirg‘oqqa!
2007 yil 27 avgustda Todd Endris ismli erkak Monterey shahrida (Kaliforniya shtati) serfingda uchayotgan edi. Kutilmaganda unga oq akula hujum qilib qoldi. Bu yirtqich erkakka bir nechta jiddiy jarohat yetkazdi. Qon yo‘qotayotgan Todd umidsiz va chorasiz holda suvda chayqalib suzar, tirik qolishiga ilinji qolmagandi.
Xuddi shu fursatda delfinlar to‘dasi unga tomon suzib keldi. Ular o‘ljasiga tashlanayotgan akulani haydab yuborib, Toddning tevaragini o‘rab olishdi. So‘ng birgalikda qirg‘oq tomon suzishdi. Erkak darhol shifoxonaga yuborildi.
Yashavor, Kerri!
Shotlandiyalik fermer Fiona Boyd podadan ajralib qolgan buzoqni onasiga qaytarmoqchi bo‘ldi. Bu yaxshiligi jazolanishini qayerdan bilsin! Kutilmaganda buzoqning yarim tonnalik quturgan onasi paydo bo‘ldi. U Fionaga hujum qilib, bir zumda yerga qapishtirdi-da, shoxlay ketdi.
Qo‘rqib ketgan ayol yig‘lab, bor ovozda baqira boshladi. Uning qichqirig‘ini Kerri laqabli ot eshitdi va sanoqli soniyalar ichida bekasining yoniga yugurib, himoyaga kirishdi.
Fiona Boyd bir necha shilinish hamda lat yeyish bilan cheklandi, xolos.
Geymlix uslubini qo‘llagan kuchuk
Rayzing Sang shahri (Merilend shtati) fuqarosi 45 yoshli Debbi Parkxerst juma kuni uyda bo‘lib, tushlik qilayotgandi. Noxosdan tomog‘iga olma bo‘lagi tiqilib qoldi. Ayol nafas ololmay, bo‘g‘ila boshladi. Uning yonida Tobi laqabli retriver itidan bo‘lak hech zot yo‘q edi. Jonivor tezda bekasini oyog‘idan urib yiqitdi va oyoqlari bilan ko‘kragiga bosib, Geymlix uslubini qo‘llay boshladi...
– Do‘xtirning aytishicha, agar Tobi bo‘lmaganida men tiriklar safida qolmas ekanman, – deydi Debbi Parkxerst.
Itning Geymlix uslubini qanday qilib o‘zlashtirgani jumboqligicha qolmoqda. Ammo bu muhim emas. Tobi bekasini o‘limdan asrab qolgan. Bu esa tahsinga sazovor edi!
«Oyi-oyi, bolakay»
Ko‘pchilik odamlarga to‘tiqushlarning baland va g‘ashga teguvchi qichqirig‘i yoqmaydi, vaholanki bu baqir-chaqirlar inson hayotini saqlab qolishi mumkin.
Villi Kvaker laqabli to‘tiqush ikki yoshli Xanna Kuuskning tomog‘iga nimadir tiqilib, nafasi qaytganini ko‘rdi-yu, shu ondayoq qanotlarini qoqib, bor tovushida «Oyi-oyi, bolakay» deb qichqira boshladi. Bu paytda Xannaning onasi va enaga Megan Xovard yuvinish xonasida edilar. Xavotirli qichqiriqni eshitishgach, oshxonaga shoshilishdi. Xannaga ko‘zlari tushdi-yu darhol xavfni bartaraf etishdi.
Villi Kvaker mahalliy qahramonga aylandi va «Qizil xoch» tashkiloti mahalliy filiali tomonidan maxsus mukofot bilan siylandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter