To‘qqizta yaxshi va bitta yomon. 2017-yili ilm-fanga eng ko‘p hissa qo‘shgan olimlar

Reytingdan dunyo miqyosida muhim ilmiy ahamiyatga ega ishlarni qilgan insonlar o‘rin oladi.
Har yili «Nature» jurnali yilning eng ahamiyatga ega olimlari, dasturchilari, siyosatchilaridan iborat 10 kishilik ro‘yxatni taqdim etadi. Bu shunchaki reytingmas, undan dunyo miqyosida muhim ilmiy ahamiyatga ega ishlarni qilgan insonlar o‘rin oladi, deb xabar berdi «Hi-tech.mail.ru».
2017-yili ushbu ro‘yxatdan gen muhandisligi va gravitatsion to‘lqin mutaxassislari, yadroviy qurolsizlanish va gender tengligi tarafdorlari, shuningdek, gen terapiyasi yordamida saratonni yenggan kichkina qizaloq o‘rin oldi. Shu bilan birga, bitta antiqahramon ham bor — AQSh prezidenti ma’muriyatining yangi a’zosi Skott Pryuitt.

Foto: «Shinadaily.com»
1. Kvant fizikasi — Pan Szyanvey (Xitoy ilmiy-texnika universiteti).
Kommunikatsiyaning kvant tarmoqlari ma’lumotlarni kvant kriptografiyalari yordamida o‘ta ishonchli himoya qilishda yordam beradi, biroq ulardan amaliyotda foydalanishi murakkab va nozik effektli kvant mexanikasini talab qiladi. Iyul oyida olimlar kvant holatida foton ma’lumotni uzatish joyidan 1400 kilometr naridagi «Mo Szi» kosmik apparatiga muvaffaqiyatli uzatilgani haqida hisobot bergandi, sentyabr oyida esa ushbu sun’iy yo‘ldosh Pekin va Vena o‘rtasida aloqani tashkillashtirishga yordam berdi.
Kriptografik kalitlarni uzatish Xitoy va Avstriya fanlar akademiyasi rahbarlari o‘rtasida himoyalangan muloqotni ta’minladi. Texnologiyaning namoyishi muvaffaqiyatli o‘tdi, endi Szyanvey bunga qaraganda yangiroq sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Foto: «Cs.toronto.edu»
2. Genomni tahrirlash — Devid Lyu, Garvard universiteti, Broud instituti (AQSh).
CRISPR/Cas9 tizimi asosida yaratilgan yangi gen modifikatsiyasi, qanchalik istiqbolli bo‘lmasin, universal emas. Xususan, u bo‘linmaydigan hujayralardagi nuqsonni va ko‘plab genetik kasalliklar bog‘liq bo‘lgan yakka mutatsiyalarni tahrir qilish imkonini bermaydi. Shifokorlar 32 mingdan ortiq kasallarning rivojlanishiga olib keladigan yagona o‘zgarishlarni biladi va Lyu o‘z hamkasbalari bilan uni tuzatish uchun sun’iy oqsillarni yaratmoqda. Bu kabi molekulaning bir qismi Cas9 fermentiga o‘xshash va u kerakli DNK bilan bog‘lanadi, ikkinchi qismi esa nukleotit kislotasi zanjirida uzilishni amalga oshirmasdan mutatsiyaga uchragan joyni uning atrofidagilar qarab o‘zgartiradi.
2016-yili olimlar BE3 fermentini yaratishgan edi. Ushbu ferment sitozinni timin bilan, guaninni adenozin bilan almashtira oladi. 2017-yilning oktyabrida esa olimlar ABE oqsilini namoyish qilishdi, u adeninni timin bilan, guaninni sitozin bilan almashtira oladi. Ular birgalikda nazariy jihatdan 12 ta almashinishning 4 tasini amalga oshira oladi.
3. Yadroviy xavfsizlik — Lassina Zerbo (Burkina-Faso), Burkina-Faso fuqarosi, Parij-janub XI univeristetining bitiruvchisi, geofizik.
Lassina Zerbo — Shimoliy Koreya hududidan uchirilgan raketalar va yadroviy sinovlar haqida dunyoda birinchilardan bo‘lib xabar topadigan inson. U Yadroviy sinovlarga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma komissiyasiga rahbarlik qiladi. O‘tayotgan yil Lassina Zerbo uchun oson kechmadi: u AQSh va Yaponiyaning KXDR bilan kelishmovchiligi keskinlashuvini kuzatib bordi.

Foto: «Il Resto del Carlino»
4. Gravitatsion to‘lqinlar — Marika Branchezi (Gran-Cacco ilmiy instituti, Italiya).
2017-yili birinchi bor neytron yulduzlari birlashmasidan qochuvchi gravitatsion to‘lqinlar ro‘yxatga olindi. Shu bilan birga Amerikaning «LIGO» va Yevropaning «VIRGO» detektorlarida o‘nlab yer va kosmik qurilmalar ishladi, ular turli diapazonlarda tug‘ilgan kilonlarning chaqin va gamma-nurlarni kuzatib bordi.
Keng ko‘lamli ishlar neytron yulduzlar tarkibidagi bir qator nazariyalarni va kosmosdagi og‘ir elementlarning sintezini tasdiqlashga yordam berdi. Bu «LIGO/VIRGO» detektorlari va boshqa o‘nlab teleskoplarning o‘zaro aloqalarini ta’minlagan Marika Branchezining ishtirokisiz amalga oshishi dargumon edi. Kuzatishlarga bog‘liq ahamiyatga ega maqolaning ostiga 3500 odamning familiyasi yozilgan — ularning ishini esa Branchezi tartibga solib turadi.
5. Immun terapiya. Emili Uaytxed (Filadelfiya, AQSh).
2017-yilning avgustida Amerikaning oziq-ovqat va farmatsevtika vositalari sifati bilan shug‘ullanuvchi Sanitariya-nazorat idorasi (FDA) genetik o‘zgartirishlar kiritilgan limfotsitlar bilan onkoterapiyani (CAR-T) birinchi bor qo‘llashga ruxsat berdi: bemor T-limfotsitlarining sun’iy modifikatsiyasi o‘sma hujayralariga hujum qilib, katta imkoniyatlarni namoyish etadi. Bu turdagi usul birinchi bor «Kymriah» terapiyasi deb nomlanib, «Novartis» kompaniyasi tomonidan patentlashtirildi. Emi Uaytxedning jasurligi bo‘lmaganida bu terapiya yuzaga kelmasligi mumkin edi.
2010-yilda besh yoshli qizaloqqa oqqon tashxisi qo‘yilgan. Bemorga oddiy «ximioterapiya» yordam bermagan. Umidlar deyarli so‘ngan edi. Garchi «CAR-T»ning bundan oldin o‘tkazilgan tajribalarining barchasi salbiy natija bergan bo‘lsa-da, Emi va uning ota-onasi yangi usulni sinab ko‘rishga qaror qilishdi. Natijada qizaloq to‘liq sog‘ayib ketdi va 2017-yili u (12 yoshida) shaxsan FDAning majlisida ishtirok etdi.

Foto: «Blog.ucsusa.org»
6. Iqlim o‘zgarishi — Skott Pryuitt, Atrof-muhitni himoya qilish agentligi (AQSh).
Atrof-muhitni himoya qilish agentligining (EPA) rahbari sifatida bir yil ishlagan Pryuitt prezident Tramp ma’muriyati davrida ancha qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Tashkilot moliyalashtirishda jiddiy pasayishga duch keldi. «Biz ilm-fanni qo‘llab-quvvatlamaydigan ma’muriyat tayinlanishini bilardik, ammo u agentlik ichidagi fan va olimlarning pozitsiyasini buzishdagi «o‘z ijodiy yechimlari»ning xilma-xilligi bilan barchani hayratda qoldirdi», — deydi «Nature» jurnali eksperti Gretxen Goldman.
Umuman olganda, Pryuittning qo‘l ostida ishchilar qisqartirilmoqda, tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan bir qator dasturlar, shuningdek, ekspertlar komissiyasi yopilmoqda. U ko‘plab ekologik yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning faol raqibi sifatida tanilgan va Oklaxomaning bosh prokurori sifatida bir necha bor EPA bilan sudlashgan. AQShning iqlim bo‘yicha Parij bitimidan chiqishiga ham uning bevosita aloqasi bor, albatta.
7. Zilzilani oldindan aytib berish — Viktor Kruz-Etens. Milliy avtonom universitet (Meksika).
Meksikalik olim yoshligidan zilzilalarni ko‘p ko‘rgan. Bugungi kunda Kruz-Etens seysmologiya kafedrasining rahbari hisoblanadi va 2016-yilda uning jamoasi Mexiko vodiysidagi silkinishlar energiyasining tarqalishini hisoblashga muvaffaq bo‘ldi. Ular mahalliy geologiyaning o‘ziga xos jihati — yer osti silkinishlarining epitsentri juda uzoqdan (yuzlab kilometr) kelishini ko‘rsatib berdi.
2017-yilning sentyabr oyida Kruz-Etens va uning hamkasblari Mexikodan 120 kilometr narida sodir bo‘lgan 7,1 magnitudali zilzila orqali o‘zlarining ilmiy izlanishlari haqiqat ekanligini isbotlashdi. Yer silkinishi olimlar tomonidan hisoblab chiqilgan yo‘nalish orqali tarqalgan.
8. Tinchlik ilmi — Xolid Tukan. Yadroviy energetika bo‘yicha komissiya (Iordaniya).
Ko‘pchilik Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan fojiali yangiliklarni eshitishga o‘rganib qolgan va 2010-yilda mintaqada joylashgan davlatlar zarralar tezlatgichini yaratish bo‘yicha kelishib olganiga ishonishi qiyin. «SESAME» sinxrotroni — Isroil, Turkiya, Eron, Pokiston va Misr kabi azaliy «raqiblar»ni birlashtirgan loyihaga iordaniyalik fizik Xolid Tukan boshchilik qiladi. «SESAME» 2017-yilning yanvarida ishga tushdi va mintaqaning jahon ilm-fani xaritasidan joy olishida dastlabki urinishni amalga oshirdi.
Iordaniyada joylashgan qurilma zarralarni 133 metrli halqada tezlashtirish imkonini beradi, bu orqali esa biologikdan tortib muhandislikkacha bo‘lgan ilmiy tadqiqotlar massasi uchun yuqori energiyali nurlanishni olish mumkin. Yaqin kunlarda sinxrotron o‘z quyosh elektrostansiyasiga ega bo‘ladi, bu esa uning ishlashiga sarflanadigan energiyani kamaytirishga yordam beradi. Loyiha ishtirokchilarning so‘zlariga qaraganda, uni Tukanning sabr-toqatisiz amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan.
9. Bilimning tozaligi — Jennifer Birnyu. Sidney universiteti (Avstraliya).
Salkam ikki yil oldin onkolog Jennifer Birn o‘zini qiziqtirgan genga bag‘ishlab chiqarilgan bir nechta maqolalarda yetarlicha xatolar mavjudligini payqab qoldi. Mualliflar tomonidan keltirilgan DNK tartibi bir-biriga mos kelmagan, bu esa uni o‘ylantirib qo‘ygan. Muammoga qiziqish bildirgan olim «PubMed» ochiq bazasidan o‘rin olgan maqolalarni o‘rganishga kirishgan va qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan o‘nlab materiallarni topgan.
2017-yili uning ishi ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini tortdi. Fransiyalik ixtirochi Siril Labe Birnga e’lon qilingan DNK ketma-ketliklaridagi xatolikni avtomatik ravishda topish imkonini beruvchi Seek&Blastn onlayn-tizimini yaratishda ko‘maklashdi. Jenniferning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqot unga zamonaviy ilm-fan naqadar «ishonch asosiga qurilgani»ni tushunib yetishga yordam bergan.
10. Gender tengligi — Enn Olivarius. McAllister Olivarius byurosi (AQSh)
Yel va Oksford universitetlari bitiruvchisi, ajoyib advokat Olivarius ilmiy jamoatchilikka Amerika universitetlaridagi gender tengsizligi va jinsiy zo‘ravonliklarga qarshi kurashuvchi sifatida tanilgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u talabalik davrida bu kabi narsalarga ko‘p bora duch kelgan va o‘shandan buyon bunday muammolar uni o‘ziga tortadi. Uning sharofati bilan Amerika sudlari gender tengligiga bo‘ysunishni talab qiluvchi ta’lim borasidagi Qonunchilikning 9-tahriri buzilishlarini ko‘rib chiqmoqda.
***
«Nature» nashri 2018-yilda «Al Now» institutining asoschisi va sun’iy intellekt tadqiqotchisi Keyt Krouford, «Google»ning kvant kompyuterlarini yaratish ustida ish olib borayotgan jamoa rahbari Jon Martinisning ishlarini diqqat bilan kuzatib borishni tavsiya qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter