Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tolibon»ning tezkor g‘alabasi siri

«Tolibon»ning tezkor g‘alabasi siri

2001 yildan buyon davom etayotgan urushda 100 mingdan ziyod afg‘onistonlik halok bo‘ldi.

Foto: Reuters

So‘nggi bir necha oy ichida «Tolibon» harakati butun Afg‘onistonni ishg‘ol qilib, G‘arb ishboshilarini tang holatda qoldirdi. Yillar davomida «Tolibon» bilan kurashib, uning musbatu manfiy jihatlarini puxta o‘rgangan AQSh ma’muriyati ham prezident Ashraf G‘ani hokimiyati bu qadar tez qulashini kutmagani aniq. Qo‘shma Shtatlar josuslik idorasi yirik shaharlar birin-ketin toliblar ilkiga o‘tayotgan pallada ham poytaxt Kobul 30 kundan 90 kungacha G‘ani ma’muriyati nazoratida qolishiga umid qilayotgan edi. Ammo bosh kent ham bir necha kun ichida «Tolibon» qalamraviga o‘tdi. G‘animlarni bir necha oy ichida yer tishlatishga va’da bergan Ashraf G‘ani afg‘on xalqini taqdir hukmiga topshirgancha apil-tapil mamlakatni tark etdi.

Holbuki, AQSh hamda NATOga a’zo ittifoqchilari yigirma yil davomida Afg‘oniston qurolli kuchlari va xavfsizlik bo‘linmalarini tayyorgarlikdan o‘tkazdi, ularga mo‘l-ko‘l qurol-aslaha, zamonaviy jang anjomlari tuhfa etildi. Amerika va britan generallari bir necha bor Afg‘onistonda qudratli armiya barpo etganlari haqida muzaffar bayonotlar berishdi. Ammo amalda bari quruq gap bo‘lib chiqdi. Xo‘sh, rasman 300 ming kishidan iborat Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari nega o‘zidan bir necha barobar kam «Tolibon» harakati vakillariga osonlikcha mag‘lub bo‘ldi?  

Ashraf G‘ani ma’muriyatining sanoqli haftalarda yer tishlashiga olib kelgan eng asosiy illat bu – korrupsiyadir!

Rasmiy hujjatlarda Ashraf G‘ani ma’muriyati xavfsizlik tizimi (armiya, harbiy havo kuchlari va politsiya) 300 ming kishidan iborat deb ko‘rsatilsa-da, amalda ular soni bir necha baravar kamroq bo‘lgan. Gap shundaki, aksar komandirlar o‘z harbiy bo‘linmalari a’zolari sonini ko‘paytirib ko‘rsatgan holda, «o‘lik jonlar» uchun yozilgan maoshlarni o‘zlashtirib kelgan. AQSh Kongressining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus noziri (SIGAR) ham so‘nggi hisobotida qurolli kuchlar tizimida korrupsiya dahshatli darajada ildiz otib ketgani, rasmiy hujjatlarda qayd etilgan harbiylar soni shubhali ekanini ta’kidlagan.

AQSh Afg‘onistonda zamonaviy armiya barpo etish uchun 83 milliard dollar sarflagan edi. Foto: AFP

AQSh va uning ittifoqchilari yigirma yil ichida Afg‘oniston xavfsizlik tizimiga juda katta miqdorda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi. Birgina Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston mudofaa sektoriga 83 milliard dollar sarflagan. Ammo tahlilchilar mudofaa uchun ajratilgan barcha mablag‘lar ham maqsadli sarflanmaganini aytmoqdlar. 

«Foreign Policy» nashri ham alamli mag‘lubiyatning birlamchi sababi korrupsiya deb hisoblaydi. Nufuzli nashrga ko‘ra, Afg‘oniston maxsus kuchlari janglari yuqori darajada tayyorgarlikdan o‘tgan. Ammo mudofaa hamda ichki ishlar vazirligi tizimidagi jangchilarga tayinli maosh berilmagan. Aksar hududlarda askarlar va mirshablar yetarli oziq-ovqat, hatto qurol va o‘q-dori bilan ham ta’minlanmagan. 

Uzoq yillar Afg‘onistonda faoliyat yuritgan avstraliyalik jurnalist Linn O’Donnell Ashraf G‘ani prezident sifatida armiya hamda xalqni o‘z ortidan ergashtira olmaganiga e’tibor qaratadi. Qayd etilishicha, Ashraf G‘ani hamda uning yaqin a’yonlari – milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Hamdulla Muhib va prezident ma’muriyati rahbari Mahmud Fazliy ko‘p yillar xorijda yashagan shaxslardir. Uchovlon, aksar yuqori martabali amaldorlar kabi, chet el fuqaroligiga ega bo‘lib kelgan. Ular kinoyaviy tarzda «uch kishidan iborat respublika» ham deb atalgan. Bundan tashqari, yuqori lavozimlarga rasmiy tillardan (dari va pushtu) birortasini bilmagan, xalq hayotidan bexabar shaxslar ham tayinlangan. 

Kobuldagi tahlil markazi rahbari Inoyat Najafizoda ham G‘ani ma’muriyati hamda afg‘on xalqi o‘rtasida chuqur jarlik vujudga kelgani, bunga esa prezidentning uzoqni ko‘ra olmagani sabab bo‘lganini aytadi. Sirasini aytganda, qurolli kuchlar ularni chorasizlik va muhtojlik domida qoldirgan ma’muriyat uchun jang qilishni istamagan. (Buni qarangki, harbiylar va aholining ishonchsizligi bejiz emas ekan. Mamlakat boshida turgan «uchlik» 15 avgust kuni birinchilardan bo‘lib xorijga qochishni ma’qul ko‘rdi.)

Tahlilchilarga ko‘ra, Ashraf G‘ani olisdagi homiylar ko‘ngliga yo‘l topa oldi-yu, ammo yon-atrofidagilar ishonchini qozona bilmadi. Foto: Getty Images

Nafs qutqusi, o‘zimbo‘laychilik, tamagirlik, uquvsizlik – bularning bari harbiylar ruhiyatiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Umidsizlikka tushgan askarlar hatto jang qilmasdan taslim bo‘ldi, G‘arb mamlakatlari taqdim etgan harbiy texnika va qurollar ham «Tolibon» ixtiyoriga o‘tdi.

Afg‘oniston armiyasining 217-korpusiga qo‘mondonlik qilgan general Abbos Tavakkuliy ham mag‘lubiyatlarda siyosatchilarni ayblagan. «Biz viloyatlarni qurolli urush tufayli emas, balki psixologik urush tufayli  boy berdik», – deydi general «The New York Times» nashriga intervyusida.

Darvoqe, «Tolibon» harakati tezkor g‘alabalar borasida biroz boshqacha fikrda. Mazkur harakatning rasmiy vakili Muhammad Naimga ko‘ra, yirik shaharlarning qisqa muddatda nazoratga olinishi mamlakat aholisi ularni qo‘llab-quvvatlayotgani, ularning hokimiyatga kelishiga xayrixohligini bildiradi. 

Ayni choqda, ayrim tahlilchilar Ashraf G‘ani hukumatining mag‘lubiyatida AQSh ma’muriyatining ham hissasi bor deb hisoblaydi.

«Qo‘g‘irchoq hukumat tizimida korrupsiya shu qadar keng miqyos kasb etdiki, qo‘lga ilingan narsa o‘marildi. Xo‘sh, AQSh 20 yil davomida nega bu holga ko‘z yumdi? (Rahbarlik lavozimlariga) kadrlarni u saralagan edi-ku!» – deb yozadi siyosiy tahlilchi Mixail Shraybman.

Darhaqiqat, AQSh ko‘magida salkam chorak asr davomida barpo etilgan siyosiy boshqaruv modeli hamda armiya bir necha hafta ichida yakson etildi. Yo‘qotishlar, mag‘lubiyatlar sabab-omillari hali ko‘p bora taftish etiladi. Havoga uchgan trillionlab dollar mablag‘ o‘z yo‘liga, afg‘on zaminidagi 20 yillik urushda 100 mingdan ziyod afg‘onistonlik, 6 ming amerikalik halok bo‘ldi. Shuncha umrlar bevaqt zavol topgani esa sarhisob bo‘lmog‘i lozim, albatta.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring