«Tolibon»ga taslim bo‘lmayotgan yagona viloyat yetakchisi kim? U nimaga ishonyapti?

Afg‘onistonning Panjsher viloyati yetakchisi Ahmad Mas’ud tolibonlarga taslim bo‘lmasligini, aholi qarshilik ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu haqda 22-avgust kuni Al-Arabiya xabar berdi.
Ahmad Mas’ud — «Shimoliy ittifoq»ning marhum rahbari, Afg‘oniston milliy qahramoni Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li. Otasi ham «Tolibon» harakatiga qarshi kurashgan.
Mas’udning ta’kidlashicha, u Afg‘onistondagi urushni tugatishni va muzokaralar o‘tkazishni xohlagan. Biroq «Tolibon» rasmiylari Panjsherning qarshilik harakati bilan muzokaralarni rad etgan.
Avvalroq tolibonlar Ahmad Mas’udga taslim bo‘lish uchun to‘rt soat vaqt berishgan. Harakat vakillari shu vaqt ichida ularning shartlari bajarilmasa, Mas’ud va Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti Amrulla Solih joylashgan Panjsherni bosib olishni boshlashga tayyorligini bildirgan.
Panjsher darasi
Panjsher — Afg‘onistonning 34 viloyatidan biri bo‘lib, uning aholisi 140 mingdan oshadi. U eng murakkab relefga ega. Viloyatda AQSh boshchiligidagi NATO qo‘shinlarining asosiy kuchlari joylashgan.
«Biz SSSRga qarshilik ko‘rsatdik, «Tolibon»ga ham qarshilik ko‘rsata olamiz», — degan Panjsher viloyati hokimi.
Tolibonlar 25 yil muqaddam, 1996-yilda hokimiyat tepasiga kelganida ham Panjsher darasini qo‘lga kirita olishmagan. Bu viloyatga o‘rnashib olgan «Shimoliy Ittifoq» rahbari Ahmad Shoh Mas’ud ularga qarshilik ko‘rsatgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter