Tog‘li Oltoy – turkiy xalqlar ajdodlarining vatani
Xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixini ob’yektiv o‘rganish bugungi kunda g‘oyat muhim. Ma’lumki, turkiyzabon xalqlar dunyoning ko‘plab mamlakatlari – sharqda Xitoydan, g‘arbda Bolqongacha, Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasida yashaydi.
Bu qadimiy zamin ko‘plab sirlarga ega, xususan, qadimgi turkiy yozuvning paydo bo‘lish tarixini ham o‘rganish fursati yetdi. Chunki, qadimgi turkiy yozuv yodgorliklarini ilmiy tadqiq qilishning deyarli ikki yuz yillik tarixiga qaramay, ko‘plab savollar ochiq qolmoqda. Turkiy xalqlarning yozuvlari hamon to‘laligicha o‘rganilmagan. Shu sababli ham turkiylarning ajoyib boy madaniy merosi sinchkovlik bilan o‘rganishni talab qiladi. Turkiylar tarixi va madaniyatni o‘rganish muhimligini ta’kidlar ekanmiz, o‘tmish haqidagi bilimlar kelajakni bashorat qilish imkonini berishini eslatib o‘tamiz.
8-9 oktyabr kunlari Oltoy Respublikasi ma’muriy markazi Tog‘li Oltoy shahri yaqinidagi «Manjerok» kurortida «Tog‘li Oltoy – turkiy xalqlar ajdodlarining vatani. Turkiy sivilizatsiya tarixi sari» deb nomlangan birinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda 8 ta mamlakat: Rossiya, O‘zbekiston, Belarus, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston va Ozarbayjon olimlari ishtirok etdi. Tadbir turkiy xalqlar shakllanishidagi Oltoyning o‘rni to‘g‘risida yaxlit qarashni shakllantirish va hamkorlikning keng istiqbollarini tushunishga qaratilgan. Buni olqishlash kerak. Tarixchilar, arxeologlar, sharqshunoslar, madaniyatshunoslar jahon hamjamiyatida rivojlangan zamonaviy mafkuraviy va siyosiy voqelikda «Buyuk dasht»ning keng maydonlarida slavyan va turkiy dunyo o‘rtasidagi munosabatlarda asrlar davomida kuchli ittifoq shakllanishining kelib chiqishiga murojaat qilishi tahsinga loyiq.
Rossiya xalqlari va turklar o‘rtasidagi munosabatlar tarixi kamida bir yarim ming yillikni tashkil qiladi. Ularning aloqalarida qarama-qarshiliklar ham, raqobat ham, o‘zaro ta’sir ham o‘rin olgan edi. Anjumanda ta’kidlanganidek, Rossiyaning eng muhim etnik guruhlarining kelib chiqishiga murojaat qilish va ushbu xalqlarning asl tarixini o‘rganish, madaniy va tarixiy aloqalarni va umumiy tarixiy taqdirni aniqlash juda muhimdir.
Anjumanning tantanali ochilishida RF Prezidentning yordamchisi, Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati raisi Vladimir Medinskiy, Rossiya Prezidentining Sibir federal okrugidagi vakili Anatoliy Serishev, Oltoy Respublikasi rahbari Andrey Turchak, RF fan va oliy ta’lim vazirining o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tabrigi o‘qib eshittirildi. «Yevrosiyo qit’asi haqli ravishda ko‘plab qadimiy sivilizatsiyalarning, shu jumladan, turkiy sivilizatsiyalarning beshigi hisoblanadi. Ustuvor ilmiy farazlardan biriga ko‘ra, turklarning tarixiy ajdodlarining vatani Oltoyning ulkan tog‘ tizimi hisoblanadi. So‘nggi yillarda olimlarimiz, arxeologlarimizning izlanishlari tufayli Oltoyning turkiy xalqlar uchun alohida o‘rni haqida hikoya qiluvchi turkiy yozuv, ma’naviy va moddiy madaniyatning noyob yodgorliklari o‘rganildi. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, turkiy xalqlarning tillari, urf-odatlari va o‘ziga xos turmush tarzi noyob mamlakat-sivilizatsiya sifatida Rossiya tarixiy merosining eng muhim qismidir», –deyiladi tabrikda.
Konferensiyada turkiy xalqlar tarixi, ularning slavyanlar bilan o‘zaro munosabatlari, shuningdek, madaniyati va yozuvi bo‘yicha bir qator ilmiy munozaralar bo‘lib o‘tdi. RF Prezidentning yordamchisi, Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati raisi Vladimir Medinskiyning ta’kidlashicha, turkiy qabilalarning joylashishi ko‘p asrlar davomida Rossiya va boshqa ko‘plab davlatlarning taqdirini belgilab berdi. Yevroosiyo nafaqat barcha jahon dinlarining, balki ko‘plab asosiy sivilizatsiyalarning vatani hamdir.
Rossiya tarix jamiyati raisi Sergey Narishkinning tabrigida ta’kidlaganidek, «Baykal mintaqasidan Sharqiy Yevropa dashtlarigacha cho‘zilib Yevroosiyo makonini egallagan – Oltoyning ulkan hududlari turkiy sivilizatsiyaning vatani, xalqlarning eng boy ma’naviy merosiga aylandi. Bugungi kunga qadar Buyuk Oltoy ushbu qadimiy jamiyatlarning yuqori darajadagi rivojlanishi haqidagi g‘oyani saqlab kelmoqda».
Turkiy sivilizatsiyaning kelib chiqishi masalalariga bag‘ishlangan birinchi xalqaro konferensiya o‘tkazilishini juda muhim deb bilaman. Bunday munozaralar kelajakda muntazam o‘tkazilishi kerak. Bilamizki, Turkiy sivilizatsiya Oltoydan xalqlarning Buyuk ko‘chishi davrida boshlangan. Bu ko‘chish natijada turkiy etnik guruhlar deyarli butun sayyoraga tarqalgan. Shu sababli ham bugungi kunda turkiy sivilizatsiya izlarini deyarli har bir mamlakatda uchratish mumkin.
Bugungi kunda turli mamlakatlar olimlarining turkiyzabon xalqlarning umumiy tarixini o‘rganayotganiga qaramay, ko‘plab tarixiy fakt va hodisalar ilmiy jamoatchilik tomonidan hali yetarlicha o‘rganilmagan va turlicha talqin qilinadi. Konferensiyada ilmiy jamoatchilik Oltoy tog‘lari va turkiy xalqlar o‘rnashgan va yashagan hududlar bilan bog‘liq bo‘lgan tariximizning haqiqiy faktlarini keng jamoatchilikka taqdim etdi. Ishonchim komilki, bu ilm-fanga ham, Markaziy Osiyodagi turkiy xalqlar bilan hamkorlikka ham katta hissa bo‘ladi.
Anjumanda turkiy xalqlar yozma madaniyatining eng qadimiy yodgorliklari Rossiyaning muhim sivilizatsiya merosi ekanligi ta’kidlandi. Bir so‘z bilan aytganda, xalqaro konferensiya Yevroosiyo makonida yashovchi xalqlarning hamkorligi va integratsiyasini kengaytirishda muhim vosita bo‘lishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida:
Rossiya Federatsiyasi sub’yektlari orasida Oltoy Respublika (oltoycha Altay Respublika)si Sibir federal okrug tarkibiga kiradi. Poytaxti Gorno-Altaysk (geografik nomlar tarjima qilinmasada shartli ravishda Tog‘li Oltoy deyish mumkin). Aholi soni 210 765 kishini tashkil qiladi. 1992 yil fevralidan 1992 yil 7 mayiga qadar Tog‘li Oltoy Respublikasi deb nomlangan. O‘sha yilning 7 mayida Oltoy Respublikasiga aylantirildi. Oltoy va rus tillari davlat tili sifatida qo‘llaniladi. Shuningdek, qozoq tili ham ishlatiladi.
Sharofiddin To‘laganov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter