Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tog‘ urushi» va Makedonskiy qurgan shahar. Zomin tarixiga bir nazar

«Tog‘ urushi» va Makedonskiy qurgan shahar. Zomin tarixiga bir nazar

Hamma bilsa kerak, Aleksandr Makedonskiyning O‘rta Osiyoga qilgan yurishi tarixchilar tomonidan «Tog‘ urushi» deb nomlanadi. Qandaydir qisqa muddatda Eronni zabt etgan buyuk istilochi Baqtriya va So‘g‘diyonani ham darhol bosib olish uchun keladi, ammo ko‘p yo‘qotishlarga uchrab, ikki yil qolib ketadi.

Zominga kelsangiz, Makedonskiy nima uchun qiynalganini tushunasiz. Bu tog‘larni zabt etish oson ekanmi?..

Kuni kecha Turizm va sport vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorlikda OAV uchun Zomin tumaniga infotur tashkil qildi. Xabar.uz axborot tahliliy portali ushbu turda ishtirok etdi.

Zomin tog‘lariga kelsangiz, ilk e’tibor qilganingiz — uning behad toza havosi bo‘ladi. Asrlarni ko‘rgan archalar orasida olingan har bir nafas sizga yangi energiya berayotganini his qilasiz.

Yana bir e’tibor qilishga arziydigan holat, ko‘chalar toza, har yerda sochilib yotadigan plastik idishlar va turfa paketlardan iborat chiqindilarni juda kam ko‘rasiz. Balki bunga yo‘l bo‘ylab qo‘yilgan mana bunday e’lonlar ham sababchidir.

Yurtimizda turizmni rivojlantirish uchun oxirgi yillarda ko‘p ishlar qilindi. Alohida e’tirof etmasak bo‘lmas, ichki turizm ham shunga monand asta-sekin ommalashmoqda. Yaqqol misol — Zomin. Bu yerda istalgan viloyatga tegishli yengil mashinaga ko‘zingiz tushadi. Biz safarimiz davomida yaqin viloyatlar tugul Qoraqalpog‘iston va Xorazmdan kelgan ziyoratchilarni ham ko‘rdik.

Umuman olganda, Zomin tarixi chuqur o‘rganishni talab qiladigan hududlardan. Garchi tuman tarixi haqida ma’lumotlar uchrab tursa-da, tadqiq qiladigan jihatlari hali juda ko‘p. Masalan, mashhur arxeologlar — fransiyalik Klod Rapen va rossiyalik Pavel Lurelarning ishonishicha, Aleksandr Makedonskiy qurdirgan Aleksandriya Esxata shahri aynan Zominda joylashgan.

«Tadqiqotchilar an’anaviy tarzda Aleksandriya Esxata (Uzoqdagi Aleksandriya) shahri Sirdaryo bo‘yida, Xo‘jandda bo‘lgan, deb keldi. Ammo filolog va arxeolog Pavel Lure tomonidan o‘rta asr manbalari o‘rganilib, ma’lum qilinishicha, Zomin shahri yaqinida Salsanda Bulis (Salsanda Bulīs) deb nomlanadigan joy bo‘lgan. Bu esa «Aleksandropolis» atamasiga yaqqol ishoradan iborat. Demak, aynan shu yerda, Samarqanddan bor yo‘g‘i 150 kilometr uzoqlikda Aleksandriya Esxata shahri bo‘lgan. Bu shahar Ustrushona yoki «ichki Skifiya» deb ataluvchi hududning poytaxti bo‘lgan.

Ptolomey bergan ma’lumotlarga ko‘ra ham Aleksandriya Esxata shahri Sirdaryo bo‘yida emas, balki daryodan birmuncha uzoqroqda joylashgan edi. Arrian esa o‘z navbatida Maroqand (Samarqand) va Esxata o‘rtasidagi masofa 270 km bo‘lganini ta’kidlaydi. Shu bilan birgalikda Arrian ham, Kvint Kursiy Ruf ham Makedonskiy bu masofani uch yoki to‘rt kunda bosib o‘tganini ta’kidlaydi. Aslini olganda, Samarqanddan chiqqan odam uch kun yo‘l yurgan taqdirda aynan Zominga yetib olgulik masofaga kelishi mumkin», — deydi Klod Rapen.

Yaxshi bilamiz, ikki yil muqaddam Surxondaryo viloyatidagi Kampirtepa manzilgohi o‘rnida Aleksandriya Oksiana topilgani rasman ma’lum qilingan edi. Klod Rapenning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hududida bir emas, ikkita Aleksandriya shahri bo‘lishi mumkin.

«Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekistonda katta ehtimol bilan ikkita Aleksandriya bo‘lgan: biri So‘g‘diyonada, Sherobodda (Oksiana), ikkinchisi esa «Ichki Skifiya»da, Zomin hududida (Esxata, yoki uzoqdagi Aleksandriya)», deydi o‘z intervyusida mashhur arxeolog.

O‘zbekiston tarixi juda boy va hali ochilmagan jihatlari qanchadan-qancha. Masalan, Klod Rapen Aleksandriya Esxata Zominda joylashganiga ishonadi, ammo aynan qayerda bo‘lganini hali aniqlash kerakligini ta’kidlaydi. «Hozircha biz Zomin yaqinidagi aynan qaysi shaharcha Aleksandriya Esxataga mos kelishini bilmaymiz», — degan fransiyalik tadqiqotchi.

Demak, ishlash kerak, qidirish lozim. Masalan, Zomin shaharchasi markazida «Qo‘rg‘ontepa» nomi bilan mashhur yodgorlik bor. Bu yerda ko‘hna Zomin shahri o‘rdasi qoldig‘i ko‘milgan va uning tarixi eramizdan avvalgi davrga borib taqaladi. Hozir Qo‘rg‘ontepa ustida ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan vatandoshlarimizga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatilgan. Balki mana shu tepalikni qayta o‘rganib chiqish kerakdir? Mashhur arxeolog Edvard Rtveladze ham Kampirtepa o‘rnida Aleksandriya Oksiana joylashganini aniqlash uchun o‘n yillab vaqtini sarflagan.

Xullas, shunaqa gaplar. Infoturdan olingan taassurotlar juda katta. Xalqimizda «yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra», degan naql bor. Ya’ni, ota bobolarimiz aytmoqchi bo‘lganki, yurgan odam daryo singari ko‘pdan-ko‘p narsalarni ko‘radi, o‘tirgan odam esa bo‘yra kabi faqat yon-veridagilarga nazari tushishi mumkin.

Bo‘yra bo‘lmang, daryo bo‘ling. Yuring!

Zafar QOSIMOV
Toshkent - Zomin

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring