Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TIV o‘zbekistonliklarni Los-Anjelesda bo‘lib o‘tayotgan namoyishlar borasida ogohlikka chaqirdi

TIV o‘zbekistonliklarni Los-Anjelesda bo‘lib o‘tayotgan namoyishlar borasida ogohlikka chaqirdi

Los-Anjelesda uch kundan beri AQSh prezidenti Donald Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda.

AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati xodimlarining Los-Anjelesdagi noqonuniy xorijliklarni aniqlash maqsadida o‘tkazgan reydi namoyishchilar bilan to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan.

O‘tkazilgan reydlardan norozi bo‘lgan minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, muhojirlar huquqlarini hurmat qilishni talab qilgan. 7-iyun, shanba kuni norozilik namoyishlari kengroq tus olib, politsiya xodimlari bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Milliy gvardiya namoyishchilar bilan to‘qnashuvda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va granatalardan foydalangan edi.

Namoyishchilar, asosan tinch muhojirlarga qarshi reydlarni to‘xtatish, immigratsiya tizimini isloh qilish va inson huquqlarini hurmat qilishni talab qilishmoqda. Vaziyat nazoratdan chiqib ketishi ehtimoli ham yuqori baholanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Los-Anjelesga Milliy gvardiyaning 2 ming askari yuborilmoqda. Kaliforniya gubernatori Milliy gvardiyani joylashtirish qarorini shtat suveren huquqlarining buzilishi deb atadi. Ayrim manbalar, xususan, CNN AQSh dengiz piyodalari korpusi bo‘linmalari Los-Anjelesga joylashtirilishga tayyorligi haqida xabar bergan. 

Mazkur holat bo‘yicha «Xabar.uz» O‘zbekiston TIV rasmiysi bilan bog‘landi va AQShning namoyishlar bo‘lib o‘tayotgan hududlaridagi o‘zbekistonliklar haqida ayrim savollariga javob oldi.

«Hozirda mazkur namoyishlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etgani to‘g‘risida hech qanday rasmiy tasdiqlangan ma’lumot kelib tushmadi.

Shu bilan birga, AQShdagi barcha yurtdoshlarimizni ushbu mamlakatning amaldagi qonun-qoidalariga qat’iy amal qilishga, tinchlik va xavfsizlikni buzishi mumkin bo‘lgan har qanday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi. Zarur hollarda fuqarolarimiz AQShdagi Elchixonamiz va Bosh konsulxonalarimizga murojaat qilishlari mumkin», – deydi TIV matbuot kotibi Ahror Burxanov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring