Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyot xodimiga tajovuz qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

Tibbiyot xodimiga tajovuz qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

2019-yil 29-yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Unga ko‘ra o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishini Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilmoqda.

Nega?

Keyingi paytlarda bemorning o‘limi yoki sog‘lig‘i holati yomonlashishida shifokorni (ayniqsa, «Tez yordam» shifokorlarini) ayblash, hatto ularga tajovuz qilish holatlari ko‘payib bormoqda.

Ruslan Muhammadiyev

— Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘lim boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev. — Oqibatda xizmat vazifasini o‘tab turgan tibbiyot xodimlarining sog‘lig‘iga hattoki tiklab bo‘lmaydigan jarohat yetkazgan aybdor shaxslar ayrim hollarda vaziyatdan oson qutulib ketishmoqda. Bu esa tibbiyot xodimlarida o‘zlariga nisbatan qilingan tajovuzlardan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishdan hech qanday naf yo‘q, degan tushuncha paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Kuzatuvlar bunday g‘ayriqonuniy tajovuzga uchragan shifokorlarning beshtadan faqat bittasigina huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yil 3-avgust kuni Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida fuqaro M.M. tez tibbiy yordam xodimlari kech yetib kelgani, ular kelgunga qadar bobosi vafot etganini aytib, shifokor Sh.Sirojiddinovga o‘rtacha og‘ir darajadagi tan jarohati yetkazgani ko‘pchilikka ma’lum. Vaholanki, ayni holatda shifokor bemorning yashash manziliga 10 daqiqa ichida yetib borgan, bungacha nuroniy vafot etgan bo‘lgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Oltiariq tuman sudining hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi M.M. Jinoyat kodeksining 105-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, lekin jazo shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilangan. Mazkur shaxsga nisbatan dastlabki tergov jarayonida munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Oddiyroq aytganda, hech qanday aybi bo‘lmagan, bemorga yordam berish istagida o‘z vaqtida yetib kelgan shifokorning sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan jarohat yetkazgan shaxs amalda hech qanday jazo o‘tamagan.

Bu yerda e’tiborli jihat nimada?

Deylik, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan, tegishli jismoniy va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan hamda yonida o‘qotar quroli ham bo‘lgan ichki ishlar xodimiga mushtumzo‘rlik qilinsa, bu bezorilik deb baholanadi va aybdorga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi. Lekin u kabi xalqqa xizmat qilayotgan oddiy shifokorga nisbatan tajovuz qilib, jarohat yetkazgan shaxslar esa o‘ta yengilroq jazo bilan qutulib ketaveradi.

— Jamiyatimizda ko‘payib ketayotgan bunday illatning oldini olishning eng samarali yo‘li — shifokorga qilingan asossiz tajovuzlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirishdir, bunday harakatlarni bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilish lozim, — deydi Ruslan Muhammadiyev. — Sababi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 9-sonli «Bezorilikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida»gi qarorining 13-bandiga muvofiq, basharti, shaxs o‘z xatti-harakatlari bilan ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotganligini va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganligini ham yaqqol anglagan bo‘lsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Shu maqsadda, Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi uchinchi qismiga qo‘shimcha band (jinoyatning o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilishi) kiritish taklif etilmoqda. Ushbu bandda nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topilganlar uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin bo‘ladi. Bu me’yor o‘z o‘rnida katta profilaktik ta’sir kuchini ko‘rsatadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring