Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyot konsepsiyasini yaratishda JSST ekspertlari ishtirok etmoqda

Tibbiyot konsepsiyasini yaratishda JSST ekspertlari ishtirok etmoqda

Foto: Vazirlik Axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash sohasi har bir inson hayotiga bevosita daxldor. Shu bois so‘nggi yillarda tizimni isloh etish borasida qator muhim hujjatlar qabul qilinib, ular ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 10-mayda qabul qilingan «Sog‘liqni saqlash tizimini tanqidiy o‘rganish va uni tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoyishida ham sohada o‘z yechimini kutayotgan ustuvor vazifalar belgilab berilgani bilan ahamiyatlidir.

Shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligida yetuk olimlar va sohaning tajribali mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruhlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan tayyorlanayotgan Konsepsiya loyihasi doirasida dunyoning tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning nufuzli delegatsiyasi mamlakatimizga taklif etildi.

Foto: Vazirlik Axborot xizmati

Ayni paytda yurtimizda bo‘lib turgan JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi yetakchi eksperti Melitta Yakab boshchiligida delegatsiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama o‘rganib, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan Konsepsiya loyihasi yuzasidan takliflar tayyorlamoqda. Bundan tashqari, xalqaro ekspertlar tashrif doirasida poytaxtimizdagi ko‘plab tibbiyot muassasalarida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoni bilan bevosita tanishib, Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, bir qator vazirlik hamda idoralarda mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va delegatsiya ekspertlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda tizimni tubdan takomillashtirishga qaratilgan Konsepsiya loyihasi yuzasidan ko‘plab takliflar o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, xorij mamlakatlaridagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish, shu asosda tibbiyot sohasi taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Muloqotda O‘zbekiston tibbiyot tizimida oqilona strategiya hamda ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinayotgani e’tirof etilgan holda ushbu tarixiy voqealarning guvohi bo‘lish maqsadida shu yil JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesusning tashrifi kutilayotgani ham ma’lum qilindi.

– Biz yurtingizga ushbu Konsepsiyani hamkorlikda tayyorlash uchun kelganmiz, – deydi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi yetakchi eksperti Melitta Yakab. – E’tiborli jihati, so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston tibbiyotda tanlagan o‘z strategiyasi bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining faol a’zosiga aylandi. Bundan buyon ham ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga tayyormiz.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda faol ish olib borayotgan mazkur xalqaro delegatsiya tashrifi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan taqdimot o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 
Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring