«The New York Times»: «Shavkat Mirziyoyev kutilmaganda butunlay boshqa va hozircha yaxshi yo‘lni tanladi»
«The New York Times» gazetasi 13-aprel, juma kuni O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan tahririyat maqolasini chiqardi (A Hint of Spring in Uzbekistan «O‘zbekistonda bahorga ishora»). «Gazeta.uz»ga tayanib «Daryo»ning xabar berishicha, gazeta tahririyat kengashi nomidan tayyorlangan maqola e’lon qilinishi arafasida shu oy O‘zbekistonga tashrif buyurgan «The New York Times» muxbirlarining bir qator boshqa materiallari chiqqan edi.
Nashrning yozishicha, «sobiq sovet saltanatining aksariyat qismida va jahonning boshqa mintaqalarida demokratiya ortga chekinayotgan bir vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari e’tibor va qo‘llab-quvvatlashga arziydi».
Yangi davlat rahbari Islom Karimov siyosatini davom ettiradi, deb taxmin qilingan edi, boz ustiga o‘zi ham uning davrida uzoq vaqt bosh vazir bo‘lgan, biroq Shavkat Mirziyoyev «kutilmaganda butunlay boshqa va hozircha yaxshi yo‘lni tanladi», deb qayd etadi gazeta.
«Qo‘rquv soluvchi xavfsizlik devonining ulkan qudrati va ko‘lamini cheklash bo‘yicha uning qadamlari ayniqsa e’tiborga molik», — deb yozadi «The New York Times». — «U bir qator siyosiy mahbuslarni, xususan, jurnalistlarni ozod etdi, u 18 ming kishini xavfsizlik xizmatining o‘sha mashhur “qora ro‘yxati”dan o‘chirtirdi, u paxta maydonlarida majburiy mehnatdan foydalanilishini chekladi, u OAV ustidan o‘rnatilgan nazoratni biroz yumshatdi, u O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish ustida ishlamoqda».
«Demokratiya kuzatuvchisi hisoblangan “Freedom House” tashkiloti o‘zining yangi «Tranzitdagi xalqlar» hisobotida, boshqa tashkilotlar qatori hali oldinda qilinadigan og‘ir ishlar ko‘pligini qayd etgani holda, “O‘zbekistonning o‘z o‘tmishidan sezilarli ilgarilab ketgani” va unda “bahorning ilk, kamtarona g‘unchalari” ko‘z ochayotganiga e’tibor qaratgan. Xavfsizlik devoni hali ham ko‘p jihatdan o‘zgargani yo‘q, janob Mirziyoyev hali ham avtoritar vakolatlardan foydalanmoqda va, yaqinda Human Rights Watch ma’lum qilganidek, senzura hali ham qudratda va jurnalistlar hali ham hibs etilmoqda», — deb yozadi gazeta.
«Biroq butun jahon bo‘ylab qonun ustuvorligi va mustaqil tuzilmalarga hurmatsizlik avj olayotgan bir vaqtda janob Mirziyoyevning ushbu tendensiyani o‘zgartirish yo‘lidagi kamtarona urinishlari ham ahamiyatlidir», — deya qayd etadi «The New York Times».
«Yetmish yillik sovet hokimiyati va Islom Karimovning qattiq qo‘li ostida o‘tgan 27 yildan keyin ham O‘zbekiston fuqarolari orasida qo‘rquv, o‘zini senzura qilish va jur’atsizlik hali kuchli», — deb yozadi gazeta. Biroq «janob Mirziyoyev o‘zgarishlarni boshlab berdi va endi AQSh va Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bo‘ladigan har qanday munosabatlarni, u xoh investitsiya, xoh taraqqiyot dasturlari bo‘lsin, mamlakatda inson huquqlari ahvolining yanada yaxshilanishi bilan bog‘lashi nihoyatda muhimdir», deyiladi maqolada.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter