Endi Toshkentga borishga zarurat yo‘q: Termizda zamonaviy laboratoriya markazi tashkil etildi
Surxondaryo viloyatiga qo‘shni Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarining fuqarolari tibbiy xizmat olish uchun kelishmoqda. Aynan ushbu ijobiy ko‘rsatkich, chet el investorlarini ham vohaga jalb etmoqda.
Viloyatda so‘nggi uch yil davomida xususiy tibbiyot muassasalari ikki barobarga ko‘payib, 120 tadan 230 taga yetdi. Turkiyaning «Kani-med», Niderlandiyaning «Aues saglik group» kompaniyalari tomonidan zamonaviy laboratoriya markazi tashkil etildi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
Ma’lumki, Turkiyaning «Kani-med» kompaniyasi laboratoriya markazlarini qurish va jihozlash bo‘yicha katta tajribaga ega. Mazkur kompaniya boshqa ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ham ushbu yo‘nalishda markazlarni barpo etib, mutaxassislarga zamonaviy uskunalarda ishlash uslublarini o‘rgatib kelgan.
Shu bois ushbu nufuzli kompaniyaning Termiz shahrida zamonaviy laboratoriya markazini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlanib, viloyat oftalmologiya shifoxonasiga qarashli bo‘lgan bino investitsiya va ijtimoiy shartlar evaziga «Kani-med» kompaniyasiga beriladi.
Joriy yil boshida boshlangan ushbu muhim loyiha doirasida qurilish, jihozlash va faoliyatni elektron tashkil etish ishlarga 2 million AQSh dollariga yaqin investitsiya qiritildi. Natijada, 30 nafar yangi ish o‘rni yaratilib, 300 ga yaqin turdan ortiq laboratoriya tahlillarini bajarish imkoniyatiga ega markaz bunyod etildi. Endilikda, murakkab laboratoriya tahlillarini bajarish uchun Toshkentga borishning hojati yo‘q. Qolaversa, tahlil javoblari ham o‘sha kunning o‘zida fuqaroning elektron manzili yoki mobil telefoniga yuboriladi.
Ushbu markaz nafaqat Surxondaryo viloyatida, balki O‘zbekiston bo‘yicha ham eng zamonaviy laboratoriyalar qatoridan o‘rin oladi. E’tiborli tomoni ushbu tibbiyot maskanida Turkiyadan kelgan malakali tibbiyot xodimlari mahalliy mutaxassislarni tayyorlashda yaqindan yordam berishadi va faoliyat ko‘rsatishadi. Endilikda aniqligi va ishonchliligi bilan xalqaro standart talablariga to‘liq javob beruvchi tahlillar kasalliklarni davolashda shifokorlarimizga yaqindan yordam berishi shubhasiz.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar chekka tuman va qishloqlarga ham yetib bordi. Amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini birgina Surxondaryo viloyati misolida qaraydigan bo‘lsak, yakunlanayotgan yilda investitsiya va «Obod qishloq» dasturlari hamda mahalliy budjet mablag‘lari doirasida 47 ta tibbiyot muassasasida 68 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Davlat tibbiyot muassasalari 8 million AQSh dollarlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.
Kadrlar yetishmovchiligini hal etish maqsadida o‘tgan yili Termiz shahrida Toshkent tibbiyot akademiyasining filiali ham tashkil etildi. Joriy yilda esa Termiz shahrida yangi tibbiyot kolleji binosi barpo etilmoqda. Bu yerda mahalliy va qo‘shni Afg‘onsiton davlatidagi tibbiyot xodimlari uchun malaka oshirish imkoniyatini beruvchi simmulyasiya markazi ham yaratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter