«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari OO‘Yga imtihonsiz kiradi (foto)
Prezident Farg‘ona shahridagi «Temurbeklar maktabi»ni borib ko‘rdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini mustahkamlash jarayonida yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, harbiylarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun armiya va harbiy ta’lim muassasalari o‘zlikni anglash, milliy g‘urur, mustahkam iroda maktabiga aylandi. Yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval «O‘zbekiston tarixi» fani va «Temur tuzuklari» kitobi bo‘yicha sinov o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimizning 2017 yili qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmonida bu borada yana bir muhim band belgilandi. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning mardligi va vatanparvarligi, jasorati va adolatparvarligini yoshlarimizga o‘rnak qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha harbiy litseylarga «Temurbeklar maktabi» deb nom berildi.
Chunki har bir yigit-qiz, ayniqsa, harbiylik kasbini tanlagan yoshlar jonajon Vatanimiz tarixini, xalq qahramonlari, buyuk sarkarda va qo‘mondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan faxrlanishi kerak. Bu insonda milliy g‘ururni, vatanparvarlik, fidoyilik hissini tarbiyalaydi.
Farg‘onadagi «Temurbeklar maktabi»da ta’lim-tarbiya ishlari shu asosda yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda bu yerda 437 o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 31 nafar pedagog xodim va 22 nafar harbiy saboq bermoqda.
Maktab yoshlarni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy bilim yurtlari va boshqa o‘quv muassasalariga aniq fanlarga chuqurlashtirilgan holda tayyorlashga ixtisoslashgan. Shinam fan sinflari, kompyuter xonalari, kasbiy va tarixiy adabiyotlarga boy kutubxonada buning uchun barcha sharoit yaratilgan.
O‘quvchilar darsdan bo‘sh vaqtini foydali o‘tkazishi uchun turli fan va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari hozirda harbiy litseylarning nomi o‘zgargani, endi uning mazmun-mohiyati, ta’lim sifati ham Temur bobomizga munosib bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
— «Temurbeklar maktabi» yoshlar ham, ota-onalar ham havas qiladigan maskan bo‘lishi kerak. Buning uchun ularning mavqei, saviyasi, bilim berish darajasi yuqori bo‘lishi zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz «Temurbeklar maktabi»ni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizimni belgilab berdi. Unga ko‘ra, bu maktablarga yoshlar cheklangan miqdorda tanlab olinadi, o‘quvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va kamida ikkita xorijiy tilni puxta o‘rganadi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanib, har tomonlama barkamol, yoshlar orasida yetakchi bo‘lib shakllanadi. Ushbu maktablar bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.
Davlatimiz rahbari «Temurbeklar maktabi»da yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz ularni yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.
«Temurbeklar maktabi»ga avtobus sovg‘a qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter