Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Telegram»ning o‘nta asosiy kamchiligini bilasizmi?

«Telegram»ning o‘nta asosiy kamchiligini bilasizmi?

Foto: «360tv.ru»

«Terabayt» nashri «Telegram»ning kamchiliklari, aniqrog‘i — unga yetishmayotgan o‘nta funksiya haqida ma’lumot berdi.

Ideal ilova bo‘lish uchun «Telegram»ga bundan boshqa yangiliklarni ham qo‘shish kerakdir, ammo quyidagi o‘ntasi, fikrimizcha, ayni kunda eng muhimlaridandir, deyiladi ma’lumotda.

Demak:

  1. Ushbu messenjerda yozishmalarni saqlab qo‘yish va zaxira nusxasini yaratish funksiyasi yo‘q. Unda o‘zaro almashilgan barcha xabarlar faqatgina «Telegram» serverlarida (maxfiy chatlardan tashqari) hamda foydalanuvchilarning qurilmalaridagina saqlanadi. Shuningdek, skrinshot qilib, rasm tarzida saqlab olish imkoni mavjud.
  2. «Telegram»da foydalanuvchi o‘zining «Onlayn» maqomini yashira olmaydi. To‘g‘ri, butkul «ko‘rinmas» bo‘lishning imkoni yo‘q, ammo messenjerga oxirgi bor kirgan vaqtingizni yashirsangiz bo‘ladi.
  3. «Telegram»da videoqo‘ng‘iroq qilish funksiyasi mavjud emas. Dasturchilar jamoasining ma’lum qilishicha, ular buning ustida ishlashmoqda, ammo boshqa ko‘plab messenjerlarda mavjud bo‘lgan mazkur funksiya hozircha bu ilovada yo‘q.
  4. Agarda guruhli chatning ma’muri (administratori) bo‘lmasangiz, unga yangi suhbatdosh qo‘sha olmaysiz.
  5. Mazkur ilovada guruhlar bo‘yicha ajratish imkoni mavjud emas. Ya’ni, unda o‘z kontaktlaringizni, deylik, «ishxonadagilar», «do‘stlarim» va «qarindoshlar» kabi guruhlay olmaysiz.
  6. O‘chirib yuborilgan akkauntni qayta tiklashning iloji yo‘q. Agarda siz biror guruhning ma’muri bo‘lsangiz, lekin akkauntingizni o‘chirgan bo‘lsangiz, so‘ngra qaytadan o‘sha raqamingizda akkaunt ochsangiz ham, o‘sha ma’murlik huquqingizni qaytarib ololmaysiz. Qaytadan boshqa guruh ochishingizga to‘g‘ri keladi.
  7. Agarda spam tarqatganlik uchun akkauntingiz vaqtinchalik blokirovkaga tushib qolgan bo‘lsa, bloklanish muddatini qisqartirishning imkoni yo‘q.
  8. Yaratilgan stiker-pak nomini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shunday ekan, agarda o‘zingiz stikerlar to‘plami yaratishni niyat qilsangiz, uni qanday nomlash haqida boshidanoq jiddiy o‘ylab ko‘rganingiz ma’qul.
  9. «Telegram»da guruhli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish funksiyasi mavjud emas.
  10. Agarda o‘z akkauntingizga yuzerneym (nik) belgilab qo‘ygan bo‘lsangiz, uni qidiruvdan yashirib bo‘lmaydi. «Foydalanuvchi ismi» («Imya polzovatelya») bandi orqali o‘z akkauntingizga nik olgach, shu yuzerneym bo‘yicha sizni topish mumkin.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring