Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Telegram pul ishlashni boshlaydi

Telegram pul ishlashni boshlaydi

2021-yildan Telegram messenjeri monetizatsiya qilishni boshlaydi. Bu haqda Pavel Durov ma’lum qildi.

«Telegram ayni vaqtda 500 million faol foydalanuvchiga ega. Ko‘pchiligingiz savol berishingiz mumkin — bu o‘sish xarajatlari nimaning hisobidan qoplanadi? Axir foydalanuvchilar soninining oshishi yanada ko‘proq trafik va serverlarni saqlash uchun xarajatlar degani. Bizning o‘lchamimizdagi loyihani davom ettirish uchun yiliga kamida bir necha yuz million dollar kerak», — dedi messenjer  asoschisi.

Pavel Durov kompaniya xarajatlarini shu vaqtga qadar shaxsiy mablag‘lari hisobidan to‘lagani, biroq, ayni paytdagi o‘sish dinamikasi milliard faol foydalanuvchilarga qarab ketayotgani, xarajatlar ham mos ravishda oshayotgani,  uning oldida 2 yo‘l – xarajatlarni qoplash uchun pul ishlashni boshlash yoki loyihani sotish borligini aytadi.

Avvalroq Durov «Telegram»ni sotmasligi haqida ma’lum qilgan edik. Shuning uchun u ikkinchi yo‘lni tanlaydi.

«Telegram monetizatsiya qilishni boshlaydi... Barcha joriy xizmatlari bepulligicha qoladi. Ular qatorida biznes jamoalar va keng ehtiyojlarga ega foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha funksiyalarni taklif qilamiz. Oddiy foydalanuvchilar Telegramdan doim bepul foydalanadi. Telegramning xabar almashish bilan bog‘liq barcha xizmatlari reklamadan xoli bo‘ladi. Shaxsiy va guruh chatlarida reklama bo‘lishi nomuvofiq, deb hisoblaymiz. Odamlar o‘rtasidagi suhbat reklamaga aylanib ketmasligi zarur», — deydi u.

«Agar Telegram pul ishlay boshlasa, jamoaga ham foyda keltirishi kerak. Masalan, agar biz reklama platformasi orqali katta ommaviy kanallarni monetizatsiya qilsak, ushbu kanallar egalari ularning hajmiga mutanosib ravishda bepul trafik olishadi. Biz Telegramning millionlab ijodkorlari va unga bog‘liq bizneslar ravnaq topishi, barcha foydalanuvchilar uchun nafi tegishini istaymiz», — qo‘shimcha qiladi Durov.

Nasibjon Sharofiddinov tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring